Узбек O'zbek
O‘FA Hakamlar departamenti direktori «Paxtakor»-«Nasaf» o‘yini bo‘yicha bayonot berdi (fotojamlanma)
Shanba, 06 Aprel
13808

Kechagi yomg‘irli oqshomda «Paxtakor» stadionida o‘tgan Superliga o‘yini (2:1) «Nasaf»ning yosh futbolchilari ko‘z yoshlari bilan yakun topdi. Bu o‘yin o‘zbek futbolidagi hakamlar muammosini yana bor barchaga eslatib qo‘ydi.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Qarshi shahri jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘yinni boshqarib borgan Aziz Asimov boshliq hakamlar brigadasining faoliyatidan noroziligini ochiq ifodaladi:

«Menimcha, hakamlar bugun o‘yinni buzib qo‘ydi. Bunday darajadagi o‘yinlarda bundan saviyaliroq hakamlar ishlashi kerak.

Bunday hakamlik yosh futbolchilarning ruhiyatini tushirmaydimi? Albatta, ruhiyatiga ta’sir qiladi. Hozir yarim jamoam, yosh jamoalar kiyim almashtirish xonasida yig‘lab o‘tiribdi».

«Paxtakor» ustozi Shota Arveladze esa hakamlar faoliyatiga baho bermasligini aytdi:

«Hakamlik saviyasi? Noodatiy nimadir yuz bergani yo‘q – 50/50. Ayrim vaziyatlar bo‘ldi, aksincha, men norozi bo‘ldim. Hakamlarga baho berish mening ishim emas», 

«Sport» telekanali sharhlovchisi Xayrulla Hamidov uchrashuvdan so‘ng Tribuna.uz`da e’lon qilingan мақоласиda shunday ta’kidlaydi:

«Chindan ham, yosh avlodni yig‘latib qayoqqacha bormoqchimiz? Bu yig‘ilar qayerdadir ushlab qolishi, asorati boshqa yerda, kattaroq turnirlarda sezilishini nahotki achchiq tajribamizdan bilmasak, nahotki unutgan bo‘lsak?

<…> Oxiridagi xulosam: o‘yin tugagach, Shota Arveladze va Ro‘ziqul Berdiyev bir-biri bilan ko‘rishganida, ularning nigohi e’tiborimni tortdi: gruziyalik mutaxassisning nigohi yutqazgan odamni, o‘zbek murabbiyining nigohi g‘alaba qozongan odamni ifoda etardi. O‘zi shunaqa bo‘ldi, shekilli-da?!»

PFL bosh direktori o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev esa hakamlar faoliyati uchun PFL emas, O‘FA javobgar ekanini eslatdi:

«Hakamlar faoliyati uchun O‘zPFL javobgar bo‘lmagan. Odamlar qachondir buni tushunib yetishi kerak. 

Bugungi o‘yin uchun Ro‘ziqul Berdiyev va «Nasaf» yigitlariga rahmat aytish lozim. Ular mag‘lubiyatga loyiq emasdi. Umid qilamanki, Hakamlar qo‘mitasi bugungi o‘yinni alohida o‘rganib chiqadi va o‘z xulosasini odilona tarzda e’lon qiladi», – deb yozdi Imomxo‘jayev shaxsiy Telegram-kanalida.

O‘z navbatida, O‘FA Hakamlar va nazoratchilar departamenti direktori Ma’mur Saidqosimov o‘yindagi bahsli vaziyatlarga izoh berib o‘tdi.

Saidqosimovning «Championat.asia» nashri bilan suhbatda qayd etishicha, bosh hakam Aziz Asimov o‘yinning 7-daqiqasida «Nasaf» jarima maydonchasi ichida yuzaga kelgan vaziyatda adashgan. Ya’ni, «Nasaf» himoyachisi Mannonov Jaloliddin Masharipovga nisbatan qoidani buzgan, ammo Asimov mazkur vaziyatni ko‘zdan qochirgan va belgilanishi mumkin bo‘lgan 11-metrlik «nuqta»ni ko‘rsatmagan.

O‘FA rasmiysining ta’kidlashicha, qolgan vaziyatlar, xususan 11-daqiqadagi belgilangan penalti to‘g‘ri deb topilgan. Xulosaga ko‘ra, takroriy lavhada to‘p «Nasaf» himoyachisi G‘olib G‘aybullayevning qo‘liga tekkani ko‘ringan.

O‘FA Hakamlar departamentidagi tahliliy guruhning dastlabki xulosasiga asosan, bosh hakam tomonidan uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqalarda «Paxtakor»ning g‘alaba to‘pi ham qoidalarga mos ravishda kiritilgan. Unga ko‘ra, 93-daqiqada Akrom Komilov to‘pni darvozaga tepish chog‘ida «Paxtakor» futbolchilari Marat Bikmayev va Yegor Krimets o‘yindan tashqari holatda bo‘lmagan. Ikkinchi epizodda esa to‘pga Bikmayev emas, balki Eshmurodov o‘ynagani aytilmoqda. Qo‘shimchasiga, o‘sha vaziyatda qanot hakami Rasul Fozilov to‘pga himoyachi o‘ynaganini aniq ko‘rganini ta’kidlagan. Shu boisdan ham gol bo‘lganini qayd etib, ishonch bilan maydon markazi tomon yugurgan.

Shu tariqa, O‘FA vakillari mazkur uchala bahsli vaziyatda «Paxtakor»ning har ikkala goli haqqoniy kiritilgan, degan dastlabki xulosaga kelishgan. Rasmiylar Aziz Asimov faqatgina 7-daqiqada – «Paxtakor» foydasiga penalti belgilamaslik qarorida adashgan, deb hisoblashmoqda.

Tribuna.uz fotomuxbiri kechagi o‘yinning bahsli vaziyatlarini tasvirlovchi suratlarni taqdim etadi. Jamlanmadan, shuningdek, uchrashuvdagi haroratni aks ettiruvchi boshqa suratlar ham joy olgan.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz