Узбек O'zbek
Odil Ahmedov: «Yevropadan takliflar ko‘p edi, lekin...»
Payshanba, 04 Aprel
18153

O‘zbekiston milliy jamoasi va Xitoyning «Shanxay SIPG» klubi yarimhimoyachisi Odil Ahmedov Rossiyaning «Izvestiya» nashri muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi.

Intervyu davomida 31 yoshli futbolchi Xitoy va Rossiyadagi faoliyati, Yevropa klublaridan tushgan takliflar, o‘zi asos solgan «Odil junior» akademiyasiga oid va boshqa mavzulardagi savollarga javob berib o‘tgan. Quyida intervyu matni to‘liq keltirib o‘tiladi.

– Mana uchinchi yildirki, Xitoy chempionatida o‘ynayapsiz. Bu mamlakatni to‘liq ko‘nikib ketdingizmi?
– So‘zimni meni Xitoyda juda yaxshi kutib olishganini aytish bilan boshlamoqchiman. Klub menga qulay bo‘lishi uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qildi. Shunga qaramay, kundalik hayotda mentalitet va til tafovuti anchagina seziladi. Bu yurtga rostmanasiga endi-endi moslashishni boshladim, deya olaman.

– Maishiy turmushda nimalarga ko‘nikish hammasidan ham ko‘proq qiyin kechdi?
– Haligacha Xitoy oshxonasiga o‘rgana olmadim. Shuning uchun ham oziq-ovqat mahsulotlarini O‘zbekistondan olib keltiraman. Uyda o‘zimizda o‘zbek milliy taomlarini tayyorlaymiz.

– Xitoyda sizni eng ajablantirgan narsa?
– Xitoyliklarning o‘zlari. Xushkayfiyat odamlar; doimo yordamga shay turishadi. Bu mamlakatda ochiq ko‘ngilli insonlar yashashadi.

– Bunga qadar uzoq vaqt Rosssiyada o‘ynadingiz. Yurtimizni sog‘inmadingizmi?
– Albatta, sog‘inaman. Rossiya chempionatida umrimning olti yilini o‘tkazdim. Bu yillar futboldagi kareramning eng yorqin damlaridan biri sifatida hech qachon yodimdan chiqmaydi. Yevrokuboklarda o‘ynash orzumga rus klublari bilan yetishdim. Rossiyadagi muxlislar doimo yonimda turib, meni qo‘llab-quvvatlab turishdi. Bular men uchun qadrli xotiralar.

– «Shanxay»da Andre Villash-Boash qo‘l ostida o‘ynadingiz, u bundan avval «Zenit»da ishlagan. Rossiyadaligida u hakamlar va chempionat tuzilmasidan tez-tez shikoyat qilib turardi. Xitoyda ham o‘zini shunday tutdimi?
– Bunday holatlar Boash bilan Xitoyda ham ro‘y berib turdi, lekin u yerda liga qoidalari ancha qat’iy. Gap-so‘zlari uchun bir necha marta diskvalifikatsiya qilindi. Umuman, murabbiy Rossiyani tez-tez eslab turar, u yerda o‘tkazgan damlarini qumsardi.

– Avval RPLda o‘ynagan bir necha futbolchi hozir Xitoyda to‘p tepyapti. Ulardan ayrimlarining Rossiyaga qaytishlari qanchalik haqiqatga yaqin?
– Menimcha, hozir buning iloji yo‘q.

– Balki siz Rossiyaga qaytarsiz?
– RPL klublaridan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorman. Rossiya chempionatiga yuqori baho beraman.

– Xitoyga ketishingizdan oldin sizga Yevropadan, aniqrog‘i Fransiyadan takliflar bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqagandi. Bu rostmi?
– Ha, rost. «Nitssa»ga o‘tish varianti bo‘lgandi. Lekin «Shanxay»ning taklifi meni ham, o‘sha vaqtdagi klubim «Krasnodar»ni ham to‘la qoniqtirgan. Shuning uchun faoliyatimni Xitoyda davom ettirishga qaror qilganman.

– «Anji»da o‘ynagan paytlaringizda esa Londonning «Arsenal» klubi sizga qiziqqani haqida gaplar yurardi. Bu ham haqiqatmi?
– Ha, shunday bo‘lgandi. «Anji»ga so‘rov yuborishgan, lekin o‘sha vaqtda Maxachqal’a klubi – juda ulkan loyiha edi, o‘z oldiga rosa katta maqsadlarni qo‘ygandi. Menga bu loyihaning muhim ishtirokchilaridan biri sifatida qarashardi.

– Nega o‘sha transfer amalga oshmay qoldi?
– Fransuzlar aytganidek, c'est la vie (fransuzchada: «Bu – hayot»). (kuladi)

– Xitoyda maoshlar yuqoriligi haqida hamma gapiradi. «Krasnodar»dagi bilan solishtirganda, maoshingiz miqdori anchaga o‘zgardimi?
– Raqamlarni keltira olmayman, lekin «Krasnodar»dagi ish haqim bilan taqqoslaganda maoshim geometrik progressiya ko‘rinishida ortdi.

– «Anji»dan «Krasnodar»ga o‘tganingizda moliyaviy yo‘qotishlaringiz katta bo‘lganmidi?
– Ochig‘ini aytsam, taqqoslab ko‘rmaganman. (kuladi)

– Aytishlaricha, «Krasnodar»ning xo‘jayini Sergey Galitskiyga sizning o‘yinlaringiz juda ma’qul kelgan ekan. U qanday qilib sizni Xitoyga qo‘yib yubordi?
– Sergey Nikolayevichni juda hurmat qilaman. U bilan doim aloqada bo‘lib turardik. Mashg‘ulotlarga shaxsan o‘zi tez-tez kelib turardi. Rossiya futboli rivojida uning hissasi katta. «Krasnodar» akademiyasi bolalar futboli rivojiga jiddiy turtki bo‘ldi. Akademiya allaqachon o‘z mevasini bera boshlagan. Xitoyga ketishim haqida esa shuni aytishim mumkinki, futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin, turli transferlar ham bo‘lib turadi.

– O‘zingiz ham vataningizda akademiya («Odil Junior») ochdingiz. Galitskiyning izidan bordingizmi?
– Ha, lekin hozircha bunday deb shov-shuv ko‘tarmoqchi emasman. Akademiyamda eng yosh futbolchilar shug‘ullanishyapti. Yevropa akademiyalari bilan hamkorlik boshlashni rejalashtiryapman. Ayniqsa, «Krasnodar» bilan hamkorlik qilishni xohlayapman. Yaqin kelajakda hamkorlik bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqib, uni Sergey Nikolayevichga taqdim qilmoqchimiz.

– Futbol akademiyasiga asos solish va uni yuritish qanchalik qimmatga tushadi?
– Mening vaziyatimda pul katta ahamiyatga ega emas. Men uchun akademiyani sifatli jihatdan rivojlantirish muhim. Kelajakda O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatiga chiqishini va uning tarkibida bizning tarbiyalanuvchilarimiz o‘ynashini juda ham xohlayman. Agar shu amalga oshsa, cheksiz g‘urur hissini tuyaman va bu his har qancha puldan ustunroq turadi.

– Sizga O‘zbekiston hukumatidagilar yordam berishdimi?
– Akademiya ochish – shaxsiy tashabbusim. Bu g‘oyani yaqin do‘stlarim qo‘llab-quvvatlashdi. Ular bilan «Paxtakor»da o‘ynab yurgan vaqtlarimdan buyon tanishmiz.

– Galitskiyni «Anji»ning sobiq xo‘jayini Sulaymon Karimov bilan solishtira olasizmi? Dog‘istonlik biznesmen bilan bevosita muloqot qilganmisiz?
– Men ularning ikkalasini ham hurmat qilaman. Sulaymon Abusaidovich ham futbolchilar bilan bevosita o‘zi gaplashishni yoqtirardi. Butun jamoa tez-tez kechki ovqatga yig‘ilib turardik.

– «Anji»dagi qaysi damlarni eng ko‘p sog‘inasiz?
– O‘sha yulduzli tarkibni bir eslang! O‘sha jamoaning asosiy tarkib o‘yinchisi bo‘lishga kim ham yo‘q derdi? Har bitta pozitsiyada mamlakatdagi eng kuchli sportchilar jamlanishgandi. Yoshligingda o‘yinlarini faqat televizorda ko‘rganing futbolchilar bilan birga o‘ynash – bu hissiyotlarni tushunshtirib berish ilojsiz.

– Aytishlaricha, «Anji»da rossiyalik futbolchilar va legionerlar o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lgan ekan.
– Shunday bo‘lgan. Igor Denisovning transferidan keyin u va fransiyalik Lassana Diarra o‘rtasida nizo chiqandi. Oqibatda bu jamoadagi muhitga ta’sir qilgan. Hammasi qanday tugagani barchaga ma’lum. (Denisov «Anji»ga 2013 yil yozida o‘tgan, bir necha oydan keyin esa klubning ishlari orqaga ketib, barcha yulduzlar tarqalib ketgandi – «Izvestiya»).

– «Anji» o‘sishdan to‘xtayotganini qayerdan bilgansiz? O‘sha vaqtda jamoada nima ro‘y bergan?
– Hammasi juda tez bo‘lib ketgandi. Barchasi haqida e’lon qilinib, hamma yulduzlar tarqab ketishgandi. Hamma-hammasi bor-yo‘g‘i bir kunda sodir bo‘lgan.

– Necha jamoaning boshqa yulduzlari qatori siz ham jamoani darhol tark etmadingiz?
– Men boshqacha yo‘l tuta olmasdim. «Anji»ga pul uchun kelmaganman – Rossiya chempionatida nom qozonishni istagandim. Klub menga shunday imkoniyatni berdi, endi qanday qilib uni qiyin vaqtlarda tashlab ketishim mumkin?

– O‘sha vaqtda Yevropa klubiga o‘tish variantlari bo‘lganmidi?
– Yevropadan takliflar ko‘p edi, lekin har safar qandaydir detallar muzokaralarni to‘xtatib qolavergan.

– «Anji»da hozir nimalar bo‘layotganini kuzatish sizga og‘ir emasmi? Klub jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechiryapti – maxachqal’aliklar mavsumni oxiriga ham yetkaza olmasliklari mumkin.
– Bularning hammasi qayg‘uli. «Anji» – mening xorijdagi birinchi klubim. Bu klub men uchun juda qadrli. Jamoa chempionatda avvalgi o‘rinlariga qaytishi dog‘istonlik muxlislar uchun juda muhim.

Ma’lumot uchun, Odil Ahmedov 2011 yilgi Osiyo kubogidan keyin – 24 yoshida «Paxtakor»dan «Anji»ga o‘tgan, ushbu klub safida Rossiya kubogi finaliga qadar yetib borib, RPLda 3-o‘rinni olgan. Maxachqal’adagi 2,5 yillik faoliyatidan so‘ng u «Krasnodar»ga o‘tib, bu jamoa tarkibida ham xuddi shunday natijaga erishgandi – kubok finaliga chiqib, chempionat bronza medali olgan. 25-raqam egasi 2016 yil oxirida Xitoyning «Shanxay SIPG» klubiga ko‘chib o‘tdi va 2017 yilda mamlakat kubogi finalida o‘ynab, 2018 yilda Xitoy chempioniga aylandi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz