Узбек O'zbek
«Ketishim ko‘pchilikni xursand qiladi». Iguain Argentina milliy jamoasiga qaytmasligini e’lon qildi
Juma, 29 Mart
3194

«Chelsi»ning argentinalik hujumchisi Gonsalo Iguain xalqaro faoliyatiga yakun yasaganini e’lon qildi. 31 yoshli hujumchi o‘z shaxsiga nisbatan bo‘lgan tanqidlardan uning oilasi aziyat chekkanini aytgan.

«Men bosh murabbiyga milliy jamoadagi kareram tugaganini aytdim. Ketishga qaror qildim, bu – eng to‘g‘ri tanlov edi. O‘z vaqtimni ko‘proq oilam bilan o‘tkazishni xohlayapman.

Ketishim ko‘pchilikni xursand qiladi. Odamlar faqat xatolarnigina eslab qolishadi. Lekin futbol shunaqa. Fanatlarning men haqimdagi gap-so‘zlaridan oilam jabr ko‘rayotgandi. Futbolchilar ham ulardek odam ekanini unutib qo‘yishadi. Futbolchini futbol nuqtayi nazaridan tanqid qilishsa, bu normal. Lekin boshqa sabablar bilan oyoqosti qilishsa, bu juda yomon», – degan hujumchining so‘zlarini keltirmoqda Fox Sports.

31 yoshli Iguain Argentina milliy jamoasida 2009 yili debyut qilgan; jami 71ta o‘yinda qatnashib, 31ta gol urgan. U hamyurtlari bilan 2014 yilda Jahon chempionati, 2015 va 2016 yillarda Kopa Amerika finaligacha yetib borib, uchalasida ham mag‘lubiyatga uchragandi.

Gonsalo JCH-2018 saralashidagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlari, xususan 9ta uchrashuvda faqat bitta gol urgani uchun tanqid ostida qoldi va asosiy tarkibdagi o‘rnini boy berdi. Shunday bo‘lsa-da, o‘tgan yilgi mundialning guruh bosqichidagi uchala o‘yinda ham maydonga tushdi, ammo gol urish unga nasib etgani yo‘q. 3-turdagi Nigeriyaga qarshi bahs (2:1) uning Argentina milliy jamoasi libosidagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoldi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz