Узбек O'zbek
«Barselona» va «MYU» hujumchilarini ayirboshlashi mumkin
Payshanba, 28 Mart
14175

«Barselona» Markus Reshfordni qo‘lga kiritish uchun «Manchester Yunayted»ga o‘z hujumchilari Malkom yoki Filipe Koutinoni taklif etishi mumkin, deb xabar beradi Mundo Deportivo.

Xabarda aytilishicha, «MYU» yosh hujumchisini qo‘yib yuborishga rozi bo‘lmasligi tayin, ammo evaziga «Barsa»ning yuqorida keltirilgan ikki futbolchisidan biri taklif etilgan taqdirda mankunianliklar fikrini o‘zgartirishi ehtimol. «Yunayted»ni ayniqsa Koutino befarq qoldirmasligi aniq. U «Liverpul»dagi faoliyati davomida APLdagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘lgandi.

Taxmin qilinishicha, agar Reshford Kataloniyaga, Koutino esa Manchesterga yo‘l olsa, u holda «qizil iblislar» «Barsa»ga qo‘shimcha pul to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Chunki 26 yoshli braziliyalikning transfer qiymati 21 yoshli angliyalikdan yuqoriroq ekani aytilmoqda.

Shuningdek, Goal nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, «Barselona» avvalroq «MYU»ning qiziqish doirasida ekani ma’lum qilingan himoyachi Samyuel Umtiti bilan xayrlashishga tayyor. Klub uni 70-90 mln yevro atrofida sotib yuborishga qarshi emas, boisi hozir Ispaniya chempioniga «Ayaks»dan himoyachi Matteys de Ligtni sotib olish uchun pul kerak. Qolaversa, de Ligtga tarkibdan joy ajratish ham lozim bo‘ladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, «ko‘k-anorranglilar» Umtiti o‘tgan yili kuzda jarohat olganida operatsiyani rad etganidan norozi bo‘lishgan. 25 yoshli himoyachi ikki oydan ortiqroq vaqtni konservativ yo‘l bilan davolanishga sarflagandi. Unga «Manchester Yunayted»dan tashqari «Arsenal» ham qiziqish bildirmoqda. 

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz