Узбек O'zbek
Eldor Shomurodov Osiyo Kubogidagi super goli, Kuper jamoani qanday ruhlantirgani, Mourino bilan uchrashuv va boshqalar haqida
Seshanba, 19 Mart
10356

Bugun Sport24 nashrida «Leoga o‘xshamayman – Drogba va Torres yoqadi». «Rostov»da o‘zbek Messisi o‘ynamoqda» sarlavhasi ostida O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov bilan intervyu e’lon qilindi.

Eldor rus muxbiri bilan suhbatda yil boshida BAAda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogi taassurotlari, o‘zini Messiga o‘xshash deb hisoblamasligi, O‘zbekistonda Nesterovni kim deb atashlari, Joze Mourino bilan qayerda uchrashgani, sobiq klubi «Bunyodkor»ga Rivaldo kelgan vaqtdagi xotiralari kabi mavzularda so‘z yuritgan.

– Osiyo Kubogida nimchorak final O‘zbekiston uchun muvaffaqiyatli natijami?
– Terma jamoa nimchorak finaldan albatta o‘tishi kerak edi. Buning uchun bizda barcha imkoniyat bor edi. Hozir O‘zbekiston termasida yaxshi futbolchilardan iborat jamoa yig‘ilgan, ammo omad yetishmadi. Ishonchli tarzda guruhdan chiqdik, Avstraliyaga qarshi bahsda ham yomon o‘ynamadik. Penaltilar seriyasi – lotereya demakdir.

Avstraliya – juda kuchli jamoa, lekin yengib bo‘lmaydigan jamoaning o‘zi bo‘lmaydi. Bilaman, O‘zbekiston terma jamoasi hozirgacha biror marta avstraliyaliklarni yuta olmagan, ammo bu seriya qachondir tugaydi.

– Osiyo Kubogining 4ta o‘yinida 4ta gol urdingiz.
– Bu yaxshi, biroq birinchi navbatda jamoaning natijasi muhim. O‘zim gol urmasam ham, jamoa keyingi bosqichga chiqqanida ancha ko‘proq mamnun bo‘lgan bo‘lardim.

– Yaponiya darvozasiga urgan golingiz xuddi zambarakdan otilgan o‘qdek. Buni qanday amalga oshirdingiz?
– O‘yin vaqtida qandaydir o‘ziga xos ishni qilganim haqida o‘ylaganim ham yo‘q. To‘p qabul qilib oldim-u, vaziyatga baho berdim: oldinda ikki himoyachi turardi, biznikilardan hech kim yo‘q edi. Kimdir bo‘lganida pas oshirgan bo‘lardim, ammo vaziyatni o‘zim hal etishimga to‘g‘ri keldi.

To‘p o‘ng oyog‘imda edi. Himoyachi to‘p yo‘lini to‘sib qolishini o‘ylab, to‘pni chapga oldim. O‘sha soniyada darvozabon darvozadan biroz oldinga chiqib ketganiga ko‘zim tushdi va o‘ng oyog‘im kaftining tashqi tarafi bilan zarba berishga qaror qildim. Bu vaziyatda chap oyoqda zarba yo‘llash umuman noqulay edi.

– Avstraliya bilan o‘yinda qo‘shimcha bo‘limlarda sizni Marat Bikmayevga almashtirishdi, u esa hal qiluvchi penaltidan gol ura olmadi. Rossiyada shunday vaziyat Fedor Smolov bilan ro‘y berganida uni tanqidga ko‘mib tashlashgandi.
– Bunday mas’uliyatli pallada gol ura olmagan vaqtingda odamlar doimo bunga salbiy munosabatda bo‘lishadi, yomon gap aytishadi. Bu tabiiy. Lekin Marat hech narsada aybdor emas. U o‘yindan keyin nihoyatda qattiq iztirobga tushdi. Biz butun jamoamiz bilan uni qo‘llab-quvvatladik va hozir ham shunday qilamiz. Axir hech qanday dahshatli voqea bo‘lgani yo‘q.

– Avstraliya va Yaponiya – Osiyo Kubogida doimiy favoritlar. Nima uchun Qatar g‘alaba qozondi?
– Ularning oltin medalni olishini men ham kutmagandim. Biz Qatar terma jamoasi bilan JCH-2018 saralashida ikki marta to‘qnash kelgandik, Osiyo Kubogidan oldin ham o‘ynaganmiz. Bu uchala o‘yinda ham g‘alaba qozongandik – 1:0, 1:0, 2:0.

O‘sha uchrashuvlarda Qatar termasining o‘yini yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, ammo nimadir yetishmayotgandi. Hozir ularga «Barsa»ni boshqargan ispaniyalik murabbiy ustozlik qilyapti. Qolaversa, Osiyo Kubogida omad ularning chin yo‘ldoshi bo‘ldi.

– Osiyo Kubogi oldidan O‘zbekiston terma jamoasida Ektor Kuper bosh murabbiy bo‘ldi. U nimani o‘zgartirdi?
– Umuman hammasini, biroq asosiysi – biz bilan ko‘p muloqotda bo‘ldi. Kuper – motivator. U o‘zimizni maksimal darajada jamoaga bag‘ishlashimizni talab qildi. «Sizlar Osiyo Kubogida g‘alaba qozona olasizlar!» deb ruhlantirdi. Bizning maqsadimiz shu edi.

Ektor Kuperning yordamchilari ko‘p, lekin hamma mashg‘ulotlarni uning o‘zi olib boradi. O‘zi himoyachi bo‘lgan, shuning uchun Osiyo Kubogidan oldin hammasidan ham ko‘proq himoya chizig‘imiz ustida ishladik. Lekin O‘zbekiston terma jamoasi doimiy ravishda himoyada o‘ynadi, demoqchi emasman. Biz to‘pni ham nazorat qildik, tez-tez pressing qo‘lladik, qanot himoyachilarimiz doimiy tarzda hujumlarga qo‘shilib turishdi. Kuper biz musobaqaga himoyada o‘tirish uchun kelmaganimizni aytgandi.

– Guruh bosqichidan keyin hatto Omar Momani ham siz va Ignatiy Nesterovning suratini chizgandi.
– Menimcha, surat yomon chiqmagan. Darvoqe, Nesterovni «Osiyo Buffoni» deb atashadi. U qit’adagi eng yaxshi darvozabonlardan biri. Yaqinda O‘zbekistondan Saudiya Arabistoni chempionatiga o‘tdi.

– Demak, O‘zbekiston terma jamoasida Buffon ham, Messi ham bor ekan-da?
– (kuladi) Bilmasam... «Rostov»ga o‘tganimdan keyin o‘zimni bunday atashlarini birinchi marta sizdan eshitdim. Umuman olganda, o‘zimni Messiga o‘xshash deb hisoblamayman. Yoshligimda Fernando Torresning o‘yinlarini «Liverpul»da to‘p surgan vaqtlaridanoq yoqtirardim. Va yana Dide Drogbani ham.

– Joze Mourino-chi? Uni qanday uchratib qoldingiz?
–  Osiyo Kubogidan keyin darhol «Rostov»ga qo‘shildim va «Lokomotiv» qarshi 69 daqiqa o‘ynadim. So‘ng murabbiylar shtabi menga kichik ta’til berishdi. Moskvada Mourinoni tasodifan uchratib qoldim, u o‘sha vaqtda xokkey ko‘rishga kelgandi. Joze mening agentim German [Tkachenko] bilan tanish chiqib qoldi. Men u bilan ko‘rishish uchun restoranga borgandim, Mourino ham o‘sha yerda ekan! Uchrashuvimiz u Balashixda muz ustida yiqilib tushishidan oldinroq bo‘lgandi.

Uni jahondagi eng yaxshi murabbiylardan biri deb bilaman. Ehtimol, shuning uchun ham «Chelsi»ga muxlislik qilarman, «Yunayted»ga emas. (kuladi)

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by Eldor Shomurodov (@shomurodov.eldor) on

– Qishda «Rostov»dan ketishingiz mumkinligi haqida xabar tarqaldi. Haqiqatan ham takliflar tushdimi?
– Bu haqda faqat internetda o‘qidim; agentim ham, rahbariyat ham hech narsa degani yo‘q. «Rostov» bilan 2,5 yillik shartnomam bor. Raqobatdan qo‘rqmayman; shu yerda qolib, tarkibga kirishga loyiq ekanimni isbotlagim kelyapti.

«Rostov»ga o‘tmasimdan oldin Qatar klubidan qiziqish borligi haqida eshitgandim, lekin Rossiyani tanlaganman. Ko‘pchilik pul tufayli Osiyo klublarini tanlaydi, lekin men Yevropada o‘sishga erishishni xohlayman. Biroq, Odil Ahmedovning aytishicha, hozir Xitoyda ham futbol yaxshi rivojlanayotgan ekan. U o‘ynayotgan «Shanxay SIPG» jahondagi eng yaxshi akademiyalardan birini barpo etgan.

– Mavsum boshida maydon markazida ham, o‘ng qanot himoyasida ham o‘ynadingiz. Pozitsiyani o‘zgartirish qiyin kechdimi?
– Bungacha chap qanot hujumchisi sifatida o‘ynab ko‘rgandim, ammo bu 4-2-3-1 sxemasida edi. «Rostov»da besh himoyachi bilan o‘ynaymiz, shuning uchun qanot o‘yinchilari bajaradigan vazifa biroz farq qiladi. Ehtimol asosiy farq – biroz ko‘proq yugurish kerakligidadir. Lekin bu men uchun muammo emas.

– Qaysi shaharda tug‘ilganingiz haqida hech qayerda ma’lumot yo‘q.
– Termizda tug‘ilganman. Bu shahar Surxondaryo viloyatida, O‘zbekistonning eng janubiy qismida joylashgan. Futbol bilan shug‘ullanishni ham o‘sha yerda boshlaganman, chunki oilamizdagi hamma – futbolchi. Otam azamat quyi ligada o‘ynagan. Amakim Ilhom terma jamoada o‘ynab, «Nasaf» bilan OFK Kubogini, «Bunyodkor»da O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritgan. Ularni vatanimda yaxshi tanishadi.

6 yoshimda mashg‘ulotga borishni juda istaganman, lekin birinchi sinf bo‘lmagunimcha meni olishmagan. Avvaliga Termizdagi maktabda to‘p tepib yurganman, keyin otamning «Mash’al» akademiyasida seleksioner bo‘lib ishlaydigan do‘sti 11 yoshimda meni ko‘rib qolib, otamni men va akam bilan birga ko‘rikka borishga ko‘ndirgan. Birinchi o‘yindan keyinoq meni olib qolishgan.

– Akangiz-chi?
– Sanjar 1991 yilda tug‘ilgan. U uyga qaytib, Termizning mahalliy jamoasida     o‘ynadi; karerasini yakunlab, filolog bo‘lish uchun o‘qishga kirdi. U rus tili va adabiyotini o‘rganadi.

«Mash’al» akademiyasida avvaliga juda qiynalganman, uyimni nihoyatda qattiq sog‘inardim. Ba’zan uyga ketgim kelar, lekin futbolchi bo‘lish maqsadimni tushunib turardim. Qolaversa, omadim kelib aynan «Mash’al»ga – o‘sha vaqtda O‘zbekistondagi eng yaxshi futbol akademiyasiga kirgandim. Bu yerning ko‘plab bitiruvchilari terma jamoada o‘ynardi. Biz shunchaki maktabga qatnab yurmasdik, balki rus va ingliz tillari, informatika bo‘yicha ham shug‘ullanardik. Va albatta, futbol mashg‘ulotlari ham bo‘lardi.

– Oxir-oqibat orzungiz ushaldi.
– «Mash’al» asosiy jamoasida bor-yo‘g‘i 10ta o‘yin o‘tkazganman, asosan zaxiradan tushardim. Biroq meni «Bunyodkor»ning o‘sha vaqtdagi murabbiyi Sergay Lushan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi orqali juda yaxshi tanirdi. Uning sharofati bilan eng kuchli o‘zbek klubiga o‘tganman.

– Ismoilov «Match»ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi stadionlarning holati haqida aytgandi: suv zang aralash, hojatxonada unitaz yo‘q... Hozir ham shundaymi?
– Sharoitlar haqida bilmayman, oliy ligada bunday holatga duch kelmaysiz. Avval umuman futbol o‘ynab bo‘lmaydigan maydonlar bor edi, lekin hozir xuddi Rossiyadagi kabi bu borada hammasi qat’iy nazoratga olingan: komissiya kelib, gazon sifatini baholaydi. Agar yaxshi maydoni bo‘lmasa, jamoa Superligaga qo‘yilmaydi.

– Bir necha yillar oldin «Bunyodkor»da Rivaldo o‘ynagandi, uni eslaysizmi?
– Jamoa «Mash’al» bilan o‘yinga kelganida men uning qo‘lidan tutib maydonga olib chiqqandim. O‘shanda amakim «Mash’al»da o‘ynardi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Ignatiy Nesterov, Aleksandr Geynrix va Anzur Ismoilov kabi futbolchilar men uchun yulduz hisoblanishardi, Rivaoldoni ko‘rib esa shokka tushganman. Unga to‘pni qanday uzatganim xuddi kechagidek yodimda. Bugun esa o‘zim terma jamoa a’zosiman. Hayron qolsa arziydi!

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz