Узбек O'zbek
Rashidov terma jamoaga chaqirilmadi, Kuper izoh berdi
Payshanba, 14 Mart
12847

«Nasonal» hujumchisi Sardor Rashidov O‘zbekiston terma jamoasining mart oyidagi yig‘iniga chaqirilmadi. Shu tariqa, u Xitoyda bo‘lib o‘tuvchi «China Cup» musobaqasi doirasidagi Urugvayga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

Bosh murabbiy Ektor Kuperning so‘zlariga ko‘ra, 27 yoshli legioner viza muammosi tufayli tarkibdan chetda qolgan.

«Sardor Rashidovda viza bilan bog‘liq muammo bor. Shuning uchun uni chaqirmadik, lekin chaqirmoqchi edik. Unga hech qanday e’tirozimiz yo‘q», – dedi Kuper bugungi matbuot anjumanida.

Osiyo Kubogidagi tarkib bilan solishtirganda, hujum chizig‘ida Rashidovning o‘rnini «Lokomotiv» hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov egallagan. Temurxo‘ja kuni kecha Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda 23 fevral kuni OKMKga qarshi bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Superkubogi o‘yinidan avvalroq terma jamoadan chaqiruv olganini aytgandi.

Ma’lumot uchun, Osiyo Kubogidan keyin «Nasonal» safiga borib qo‘shilgan Sardor Rashidov yangi jamoasida to‘rtta uchrashuv o‘tkazib, ularning barchasida asosiy tarkibda maydonga tushdi va bir o‘yinda het-trik qayd etdi. U fevral oxirida Portugaliya chempionatining 23-turidagi «Santa-Klara» bilan safar o‘yiniga ham hujjatlari bilan bog‘liq muammo tufayli bora olmagan edi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz