Узбек O'zbek
Zidan «Real»ni o‘zgartirishga va’da berdi. U buni uddalay oladimi?
Seshanba, 12 Mart
10501

11 mart kuni kechqurun Madridning «Real» klubi Zinedin Zidan jamoa bosh murabbiyligiga qaytganini e’lon qildi. Bu xabar butun dunyodagi muxlislarning uyqusini qochirib yuborgani aniq. O‘zi Zidan bilan bog‘liq har qanday voqea shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Zizuning futboldan ketishi ham, murabbiylikka kelishi, «Real»dan ketishi ham o‘zgacha bo‘lgan. Endi murabbiy yana bir syurpriz bilan barchaning «og‘zini ochirib qo‘ydi». Hozircha uning futboldan, murabbiylikdan va «Real»dan faqat ketganini ko‘rgandik. Zidanning qaytishi qanaqa bo‘lishini esa hali bilmaymiz. Lekin bir narsa aniq, Zidanning kelishi futbolni yanada qiziqarliroq qildi.

«Jamoaga g‘alabalar uchun yangi motivatsiya kerak»

Zidanning «Real»dan ketishi kutilmagan holat bo‘lgandi. Chunki, hech qaysi klub ketma-ket uch marta Chempionlar Ligasini yutgan murabbiyni iste’foga chiqarmaydi. Zidan nega ketganini shunday izohlagandi: «Jamoaga yangi g‘alabalar uchun yangi motivatsiya kerak».

U «Real»dagi uchinchi mavsumi muvaffaqiyatsiz chiqqanini sezgandi. Zidan bo‘lgan vaqtda «Real» Chempionlar Ligasini uzluksiz yutganini inobatga olsak, murabbiyning natijalarini La Ligaga qarab qiyoslash o‘rinli. Dastlabki ikki mavsumda Zidan La Ligada mos ravishda ikkinchi va birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi bo‘lgan mavsumida ham jamoa «Barselona»dan atigi 1 ochko ortda qolgandi. Uchinchi mavsumda esa Zidan bor e’tiborni Chempionlar Ligasiga qaratgani sezilib qoldi. Jamoa Ispaniya chempionatida «Barselona»dan 17 ochko ortda qolib ketdi va uchinchi o‘rinni egalladi.

Jamoadagi kichik muammolarni sezgan Zidan «Real»ni yaxshi ko‘rgani uchun undan ketishga qaror qildi. Fransuz o‘z g‘oyalari futbolchilarni oldinga boshlash uchun eskirayotganini payqagandir, balki. U bilan hamma narsani yutgan superjamoa yana g‘alaba qozonishi uchun yangi shaxs kerakligini his qilgan Zidan jamoadan ketadi.

Unga nimanidir isbotlashni istayotgan jamoa kerak edi. Hozir «Real» xuddi shunday holatda. «Blankos» shunchalik ko‘p o‘yinlarni boy berdiki, jamoa va muxlislarda alamzadalik kayfiyati maksimal darajaga chiqdi («Real»ning mag‘lubiyatlari hayot tarziga salbiy ta’sir qilgan kishilarni shaxsan taniyman). Shu sababli, jamoani ruhlantirish uchun sabablar yetarli. Dangalini aytganda, Zidan o‘zi yoqtiradigan, chinakamiga g‘alabalarga tashna jamoaga keldi. Murabbiy 2016 yil yanvarida «Real»ga kelganida vaziyat boshqacharoq edi. U vaqtda Madridda holat tushunarsiz edi, allaqanday parokandalik hukm surardi. Shu bilan birga, muxlislar ham jamoani hozirgi kabi tanqidlarga ko‘mib tashlashmagandi. Shu jihatdan, bugungi «Real» Zidanning oldingi jamoasidan ham qo‘rqinchliroq bo‘lishi mumkin.

Zidan nega qaytdi?

Zidan nega qaytdi degan savol bugun ko‘pchilik tomonidan muhokama qilinmoqda. Axir u «Real»ga boshqa inson kerak» deb ketgandi-ku? Zinedinning qaytishini bir so‘z bilan ifodalash mumkin: Zizu «Real»ning xo‘rlanishiga chiday olmadi. Sevimli jamoasi barchaning ko‘z o‘ngida orqaga ketishi, Chempionlar Ligasini 1/8 finaldayoq tark etishi va eng yomoni «Real»ning «Barselona»dan 3 marta yengilishi Zidanga og‘ir botdi. U har qancha professional murabbiy, Yevropa grandlari «og‘ziga siqqanini beradigan» supermurabbiy bo‘lsa ham, doim madridist bo‘lib qoladi. Har qanday klub afsonasi o‘z navbatida o‘sha jamoaning oddiy muxlisi ham hisoblanadi. Zidan «Real»ning muxlisi sifatida barchasini yaxshi tomonga o‘zgartira olishini his qilib qaytdi. Buning nomini esa sodiqlik deyishadi.

Endi nima bo‘ladi?

Zidan birinchi navbatda «Real»ning kiyim almashtirish xonasiga tartib olib kiradi. Eng asosiysi, u barchaga imkon beradi. Mariano Diasga ham, Vinisius Juniorga ham, kerak bo‘lsa «Siti»dan sotib olingan Braim Diasga ham. Isko katta ehtimol bilan yana o‘ynashni boshlaydi, Marselo hech qayerga ketmaydi. Ispan nashrlarida Zidan Peresga qo‘ygan oltita shart haqida xabarlar tarqaldi. Unda aytilishicha, Zidan Peresdan keraksiz futbolchilarni sotishni so‘raydi (katta ehtimol bilan gap Beyl haqida ketmoqda), Xames Rodriges esa ijaradan qaytarilmaydi (Esingizda bo‘lsa, YeCHL doirasidagi «Volfsburg»ga qarshi o‘yinda «Real» 0:2 hisobida ortda borayotganida Xames sheriklariga latifa aytib berib, ularni kuldirgan. Shu sababli Zizu kolumbiyalik futbolchini yomon ko‘rib qolgandi), Marselo sotilmaydi, Neymar olib kelinmaydi (ichki muhitni buzishi mumkinligi sabab) va «Real» Mbappeni sotib olishga urinib ko‘radi.

Isko porlashi mumkin

«Real»ning yetakchisi Ramos bo‘lib qolaverishi aniq, lekin Zidan maydondagi o‘yin uchun yetakchini aniqlab olishi kerak. Chunki, endi jamoada Ronaldu yo‘q. Katta ehtimol bilan Zidanning yangi yetakchisi Isko bo‘ladi. Zidan ketgach Lopetegi ham, Solari ham Iskoga yetarlicha imkon bermadi. Solari vaqtida muxlislar Iskoning jamoada borligini bir muddat yodlaridan ham chiqarishdi. Hozir «Real»dagi eng kuchli futbolchi shubhasiz, Isko. Zidan Ronaldusiz «Real»ni boshqarib ko‘rmagan. U transferlarni yoqtiradigan murabbiylar sirasiga kirmasligini inobatga olsak, bunday holatda unga Isko, Asensio kabi mavjud futbolchilar asqatadi.

Peresning «tulkiligi»...

«Real» bosh murabbiyligiga Zidandan tashqari yana ko‘plab nomzodlar bor edi. Antonio Konte, Maurisio Pochettino, Klarens Zeyedorf, Joze Mourino kabi murabbiylar «Real» taklifiga labbay deyishga tayyor edilar, biroq Peres bejizga Zidanni olib kelmadi. «Ayaks»dan uchralgan mag‘lubiyat, «Barselona»ga qarshi o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizliklar Peresning ham kursisini qimirlatib qo‘ygandi. Bunday vaziyatda Peres klub taqdiri bilan birga o‘zining taqdiri haqida ham bosh qotirishi kerak edi. Shu sababli u muxlislar yoqimtoyi bo‘lgan Zidanni jamoaga qaytardi. Bu madridistlar uchun shunchalik yaxshi yangilikki, ular joriy mavsumdagi har qanday omadsizlikni unutishga tayyorlar. Muxlislar bir so‘z bilan o‘zlarini ovutishlari ham mumkin: Zidan keldi, kelasi mavsumdan hammasi yaxshi bo‘ladi.

9 oyda tug‘ilgan muammo

Zidan «Real»dan qachon ketgani yodingizdami? O‘tgan yilning 31 may kuni murabbiy Madriddan ketganini e’lon qilgandi. Buni qarangki, Zizu 9 oydan keyin jamoaga qaytdi. Bir inson paydo bo‘lishi uchun yetarli bo‘lgan bu vaqtda «Real»da ham tug‘ilish bo‘ldi. Jamoada olam-olam muammolar tug‘ildi. Zidan Benitesdan qolgan talato‘pni jamoaga aylantirib, «Real»ni o‘z darajasiga qaytara olgandi. Endi bu ishni yana bir marta takrorlashga harakat qilib ko‘radi. Eplarmikin?..

O‘tkir Jalolxonov

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz