Узбек O'zbek
«Paxtakor» Babayan hujjatlarga noqonuniy o‘zgartirishlar kiritganini tasdiqladi
Dushanba, 11 Mart
5440

Samvel Babayan o‘zbek futboliga qaytgani katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Kun.uz muxbiri mutaxassisning futbolga qaytishi, uning diskvalifikatsiyasi va klubda olib borilayotgan ishlar borasida suhbatlashish uchun «Paxtakor» klubi bosh direktori Dmitriy Adisman bilan uchrashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Paxtakor»ning yangi rahbariyati Babayan vaqtida yuzaga kelgan hujjatlar borasidagi muammolarni bartaraf etgan.

«Ha, bizning Babayanga savollarimiz bor edi va ularni murabbiy bilan uchrashuvlar chog‘ida hal qildik. Muammo klubning yoshlar jamoasidagi futbolchilarning hujjatlari bilan bog‘liq edi», - deydi Adisman.

Muammo tarixi
2018 yil 15 yanvar kuni O‘FF ijroiya qo‘mitasi (endilikda O‘FA) Babayanni butun umrga futboldan chetlashtirgan edi. Sabab sifatida Babayanning «Paxtakor»da futbolchilarning hujjatlarini soxtalashtirgani keltirilgandi. 

«Babayan klubda rahbariyat o‘zgarishini bilgach shartnomasi 2018 yilgacha bo‘lgan futbolchilarning hujjatlarini 2017 yilgacha qilib o‘zgartirgan. Bu orqali yil so‘ngida erkin agentga aylangan futbolchilarni boshqa klublarga yuborish orqali pul ishlashni maqsad qilgan»,- deyilgandi xususan ijroiya qo‘mitasi bayonotida.

Biroq keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, Babayanning diskvalifikatsiyasi ikki hafta o‘tib bekor qilingan. Bunga sabab sifatida murabbiyning terma jamoadagi faoliyati davomida ko‘rsatgan vatanparvarligi keltirilgan. Bu haqda Babayanning o‘zi Kun.uz’ga ma’lum qilgan.

26 fevral kuni Toshkentning «Lokomotiv» klubi Babayanni klub prezidenti Mansur Rajabovga maslahatchi etib tayinlandi.

«Mening yagona xatom shu bo‘ldiki, vaqtida muxlislarga o‘z qarorlarimni tushuntirib bermadim. Agan nima uchun bu emas, mana bu futbolchilar o‘ynaganini tushuntirib berganimda, menga bunchalik katta bosim bo‘lmasdi»,- degandi Babayan Kun.uz bilan suhbatda.

«Paxtakor»ning reaksiyasi

Dmitriy Adisman 2017 yil may oyida «Paxtakor» direktori bo‘ldi. «Jamoani qabul qilib olganimizda 90 foiz futbolchilarning shartnomalari yil oxirida yakuniga yetardi. Biz har bir futbolchi bilan alohida ishlab, yuridik muammolarni bartaraf etdik. Hozir bizning Babayanga e’tirozimiz yo‘q. U bilan bog‘liq muammolarni uchrashib hal qilganmiz. Agar uni «Paxtakor»ga olib kelganimizda balki muxlislarning noroziligiga sabab bo‘lishi mumkin edi»,- deydi Adisman.

Dmitriy Adisman bilan eksklyuziv intervni to‘liq shaklda yaqin vaqtlar ichida Kun.uz saytida kuzatishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz