Узбек O'zbek
O‘FA va PFL rasmiylari Superliga klublarining ortishi, Babayanning qaytishi va boshqalar haqida
Payshanba, 07 Mart
3413

6 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘zbek futbolini rivojlantirishning bugungi holatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘FA va PFL mutasaddilari, xususan, PFL bosh direktori Omon G‘ofurov, direktor o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev, O‘FA hakamlar va nazoratchilar departamenti direktori Ma’mur Saidqosimov, Futbolni rivojlantirish departamenti boshlig‘i O‘tkir Jalilov, Trenerlar ta’limi departamenti rahbari Shavkat Imamov ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston futboli atrofidagi bahsli masalalar ko‘tarildi. Jumladan, Superliga reglamentidagi o‘zgarishlar, O‘FA va PFL hamda klublar va terma jamoalar o‘rtasidagi munosabatlar, hakamlik saviyasi, yangi tashkil etilgan viloyat futbol akademiyalari kabi mavzulardagi savollarga mutasaddilar javobi tinglandi. Kun.uz muxbiri matbuot anjumanida rasmiy tomonidan yangragan ayrim iqtiboslarni keltirib o‘tdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Omon G‘ofurov:

 «Bu yil litsenziyalash talabini juda ham kuchaytirdik. Klublar o‘z akademiyasi va infratuzilmasidagi sharoitlarni yaxshilashi, marketing borasida ishlashiga kattaroq ahamiyat berdik. O‘ylaymizki, bu o‘z samarasini beradi va mana shu 3-4 yil mobaynida bizning klublarimiz ham o‘zini o‘zi boqadigan, davlatga qaram bo‘lmaydigan jamoalar bo‘ladi.Infratuzilmasini ham xalqaro andozalarga to‘g‘rilaydigan bo‘ladi».

O‘tkir Jalilov:

«Biz o‘z yo‘limizni tanlaymiz. Bu yo‘l o‘rganishlar va boshqa xalqaro akademiyalar faoliyatining natijasidir. Biz faoliyatini yo‘lga qo‘ygan viloyat futbol akademiyalari xalqaro standartlarga javob beradi. Ulardagi tayyorlov dasturlari, bosqichma-bosqich bir guruhdan ikkinchisiga o‘tib borish kabilarning barchasi xalqaro talablarga muvofiq. Ammo bularni o‘z modelimizga moslab amalga oshirdik».

O‘tkir Jalilov:

«Ommaviy va professional futbolni aralashtirish kerak emas. Bizda bu narsa aralashib ketgan. Ommaviy futbol – bazaviy bosqich. Xalqaro darajada ular bo‘lingan, biz ham hozir ularni bir-biridan ajratyapmiz. Bolalar va o‘smirlar sport maktablari hamda akademiyalarning talablari farq qilishi kerak. Xalqaro darajada shunday».

Diyor Imomxo‘jayev:

«Bizning futbolchilar 17-18 yoshgacha Yevropa jamoalari bilan deyarli teng futbol namoyish etishadi. Undan keyin yevropaliklar o‘sishni boshlaydi, biznikilar esa yo‘q. Qilishimiz kerak bo‘lgan eng katta ish – futbolchilarning yoshini kichraytirishga qarshi kurashish. O‘FA bu yo‘lda boshqa organlar bilan ham albatta hamkorlik qiladi. Ikkinchisi, xalqaro tajriba – o‘sha «Ayaks», o‘sha «Barselona» o‘rganilganda bitta narsa ko‘rildiki, bola 11 yoshgacha shunchaki futboldan zavqlanib o‘ynashi kerak. Sen hujumda, sen himoyada o‘ynaysan, sen bunaqa qilasan, degan gap bo‘lishi kerak emas 11 yoshgacha. Bu yoshgacha bola futboldan bezib qolmasligi kerak.

O‘sha «Barselona», «Ayaks» sistemasida 11 yoshdan boshlab futbolchida taktik ko‘nikmalar shakllanishni boshlaydi. O‘sha narsa o‘zbek futboliga olib kirilyapti. Akademiyada bundan buyog‘iga 11 yoshdan 17 yoshgacha bo‘ladi. «Nasaf»da, «Bunyodkor»da 13 yoshdan akademiyaga qabul qilingan bo‘lsa, respublika akademiyalarida 11 yoshdan qabul qilinadi. Shu paytgacha barcha akademiyalar o‘z holicha ishlagan bo‘lsa, hozir OFK va FIFA talabidan kelib chiqib, alohida yuklama berilyapti».

O‘tkir Jalilov:

«Bolalar futbolida murabbiyning bir oklad maoshi 1 mln 50 ming – uchta guruh bilan ishlashi kerak, bu degani kamida 56 bola bo‘lishi kerak guruhida. Germaniya tajribasini ko‘rib chiqsangiz, ularda har bir murabbiy 10 nafar bola bilan ishlaydi. Bu esa samarali bo‘ladi. Bizda esa bitta trener 52 bola bilan ishlab kelgan. Chunki oylik maosh stavkasini olishi kerak».

Omon G‘ofurov:

«Superliga jamoalarining soni oshirilishi? O‘zPFL sport prinsiplarini hurmat qiladi. Lekin PFL – musobaqani o‘tkazuvchi tashkilot. Butun dunyoda shunday. Ya’ni Professional futbol ligasi musobaqalarni tashkillashtiradi, nazorat qiladi va o‘tkazadi. Jamoalar soni yoki qaysidir klubning o‘ynash-o‘ynamasligini O‘FA hal qiladi. Biz O‘FAni hurmat qilgan holda shuni aytamizki, balki ular viloyatlarda futbolni rivojlantirish maqsadida Superliga ishtirokchilari sonini 12tadan 14taga oshirishdi».

Omon G‘ofurov:

«Yanvar-fevral oylari boshlandimi, bizda ham boshlanadi: hali kimnidir stadioni talabga javob bermaydi, hali nimadir qilinmagan, hali mablag‘i aniqlanmagan, qaysi sponsor pul beradi... Yanvar-fevral-mart oylarida PFLda shunaqa bir og‘ir oylar bo‘ladiki, kechasi soat 12-1gacha, PFLga kelsangiz, bemalol ko‘rishingiz mumkin, ish qizg‘in bo‘ladi. Klublarning hatto formalari ham tayyor emas. Kuni kecha fotosessiyani tugatamiz degandik, lekin ba’zi klublarni formasi ham yo‘q hali, endigina buyurtma berishgan... Bu yil litsenziya talabi bo‘yicha ishlarni oktyabrda tugatamiz, natijada keyingi yil hamma jamoalar mavsum boshiga tayyor bo‘lishadi».

Ma’mur Saidqosimov:

«Avvalo, hakamlik – to‘g‘ri, hamma joyda kasal narsa. Futbolda kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Lekin hakamdan ayb topishadi. Futbolchi o‘ynayotgan vaqtda darvozaga gol ura olmasa, undan hech kim ayb topmaydi-ku. Inson omili. Biz hakamlarni tayyorlab borishga harakat qilyapmiz, yoshlarga imkoniyat beryapmiz. Jismoniy tarbiya universiteti bilan memorandum imzolandi: 3-4-kurs talabalari orasidan hakamlarni tanlab olib, ularga ikki yil mashg‘ulot o‘tib, tayyorlab boramiz.

2018 yilning boshidan o‘zgarish qildik. Oldin Murabbiylar va hakamlar maktabi bor edi. O‘sha yerda hakamlikka o‘qish uchun viloyatlardan kelib, 4 mln pul to‘lashardi. Unda ham oddiy oilaning bolasi kela olmasdi. Tanish-bilishi bor yoki hakam bo‘lgan odamning bolasi kelib o‘qiyotgandi. O‘qish uchun Toshkentda yashab, yana 2-3 mln pul ketkazib, jami 6-7 mln atrofida pul sarflashayotgandi. Keyin bu bolaning fikrida nima bo‘lardi? Sarflagan pulini, ota-onasining pulini, qaytarib olib borib berishi kerak – har xil narsani boshlashadi. Shuning uchun hozir Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan tasdiqlab, hakamlarni tanlab olish mezonlarini qildik. Buni tekin yo‘l bilan, instruktorlarimiz viloyatlarga borib, 2-3 kunlik seminarlar o‘tkazishyapti va shu orqali bolalarni tanlab olyapmiz. Uning futbol o‘ynagan-o‘ynamaganining farqi yo‘q. O‘yin qoidalarini bilsa, jismoniy tayyorgarligi bo‘lsa, tanlab olyapmiz. 2018 yilda 1994 yilda tug‘ilgan besh nafar hakamni Superligaga bemalol qo‘yib yubordik, hakamlik qilishdi. Menimcha, yomon o‘tkazishmadi.

Hakamlarning xato qilishi butun dunyoda bor narsa. Ermatov aytib o‘tdi, Jahon chempionatida VAR tizimidan foydalanilganda ham, 64ta o‘yindan 40taga yaqinida hakamlar tomonidan xatoga yo‘l qo‘yilgan. BAAdagi Osiyo kubogi o‘yinlarida besh nafar hakam ishlagan bo‘lsa ham, u yerda ham xatolar bo‘lgan. Bu butun dunyoda bor narsa. O‘FA va PFL bilan hamkorlikda ishlayapmiz, bunga organ xodimlari ham aralashishgan. Atayin kimgadir yon bosgani aniqlangan odam bilan xayrlashamiz».

Ma’mur Saidqosimov:

«Litsenziyalash masalasida o‘z fikrimni aytsam, PFLdagilar ham qiynalib ketishdi. OAV vakillariga aytgan bo‘lardimki, birinchi navbatda futbol klublariga savol berish kerak.Mavsum tugagach, do‘konni yopgandek stadionni yopib, ketvorishadi ertaga kelib qilarman deb. PFLdagilar esa talab qilishyapti. PFL, O‘FAdan talab qilinyapti, lekin klublardan hech kim, jurnalistlar ham talab qilmayapti. Nimaga sen o‘z vazifangni vaqtida bajarmayapsan, degan narsani klublarga aytishmayapti. Agarda ikkita tomondan ham talab qiladigan bo‘lsak, albatta, futbol zo‘r bo‘ladi. Bu – mening shaxsiy fikrim.

Bir yildan beri shuning ichida yurib, ko‘ryapmanki, O‘FA ham, PFL ham qiynalyapti. Lekin futbol o‘ynayman degan klublar oldin o‘ziga: «Men nima ish qildim?» deb savol berishmayapti.

Diyor Imomxo‘jayev:

«Biz uchun ideali – 12 jamoalik tizim. Hozir bizda mana shunday prinsip bor, ammo O‘FAning prinsipi biroz boshqacharoq. Shuning uchun Superligada endi 14ta jamoa o‘ynaydi.

Babayanga kelsak, uni kim ishga oldi? Nega savol «Lokomotiv»ga qaratilmayapti? Federatsiya diskvalifikatsiya haqida e’lon qilib, ikki haftadan keyin uni bekor qilgan. Bu haqda nega bir yil sukut saqlandi? Babayanning o‘zi aytdi-ku, e’lon qilmaslik so‘ralgan, deb. Demak, savolni «Lokomotiv»ga yoki Babayanga berish kerak. O‘FAda Babayanning qing‘irliklari bo‘yicha fakt yo‘q. U jinoyatchi emas ekan, nega ishlay olmasligi kerak?

Portal orqali Babayanning ustidan haddan ziyod ko‘p – o‘n mingdan ziyod shikoyat tushganidan keyin uning ustidan ish ochilgan. O‘FA uni vaqtinchalik futboldan chetlatgan. Endi u yerda «butun umr» degan bitta noto‘g‘ri narsa ketib qolgan. Ish olib boriladigan tomon ham, federatsiyaning tepasida turgan eng katta tomon ham, xullas, u narsani qaytarishgan ikki hafta o‘tib. Oddiy narsa bu. Ya’ni federatsiyaning hozirgi prinsipi, menimcha, hamma uchun tushunarli bo‘lishi kerak. Federatsiyaning hozirgi kundagi rahbariyatini quvontirgan xabar bo‘lmadi bu. Lekin Babayanga shu joyda ishlamaysan, deyilishi uchun ham qanaqadir fakt olib kelish kerak-ku. O‘sha fakt topilmagan. Agar topilganida, Babayanning ishi bilan balki boshqa organ shug‘ullanishi mumkin edi.

To‘g‘ri, Babayan haqida ko‘pchilikda negativ fikr bor. Lekin oldi-ku kimdir. Demak, u kerak ekan. Demak, nimanidir bilarkan; demak, nimanidir rivojlantira olarkan; demak, oldin ishlagan ishi to‘g‘ri ekan».

Ma’lumot uchun, Kun.uz tez orada «Lokomotiv» bosh direktori o‘rinbosari To‘labek Akramov bilan intervyuni taqdim etadi. Unda «Loko» rasmiysi klubga aloqador turli mavzular qatorida Samvel Babayanning tayinlovi borasida ham izoh bergan.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz