Узбек O'zbek
Samvel Babayanning diskvalifikatsiyasi nega bekor qilingani va bu haqdagi qaror nega yashirilgani ma’lum bo‘ldi
Chorshanba, 27 Fevral
9553

O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining ijro qo‘mitasi byurosi milliy terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayanni futboldan umrbod chetlatilishi haqidagi qarorini bekor qilgan. Bu haqda mutaxassisning o‘zi Kun.uz muxbiriga gapirib berdi.

Babayanning chetlatilishi haqidagi qaror 2018 yil 15 yanvar kuni qabul qilingan va O‘FA uni «Paxtakor» klubi futbolchilarining shartnomasi bilan bog‘liq qallobliklarni amalga oshirganlikda, shuningdek, milliy terma jamoadan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanganlikda» ayblagan edi.

Babayanning so‘zlariga ko‘ra, Federatsiya ijro qo‘mitasi bu qarorni 2 hafta o‘tgach, 1 fevral kuni bekor qilgan va buni «milliy terma jamoada bosh murabbiy bo‘lib ishlaganida namoyon qilgan vatanparvarligi uchun» degan so‘zlar bilan izohlagan.

«Men diskvalifikatsiya qilinganimdan so‘ng 2 hafta o‘tgach, bu qaror bekor qilindi. Nega diskvalifikatsiya qilinganimni tushunmadim. Bu vaqtda men Moskvaning «Spartak» klubida malaka oshirayotgandim. Diskvalifikatsiya ham va uning bekor qilinishi haqidagi qaror ham mening ishtirokimsiz qabul qilindi», – dedi Babayan.

Qayd qilish joizki, O‘FA ijro qo‘mitasining diskvalifikatsiya bekor qilingani haqidagi qarori Babayanning qo‘lida bor va u Kun.uz muxbiriga taqdim qilindi. Unda «milliy terma jamoada bosh murabbiy bo‘lib ishlaganida namoyon qilgan vatanparvarligi uchun» degan so‘zlar bor.

O‘FA nega bu qarorni rasman e’lon qilmadi degan savolga Babayan: «buni oshkor qilmaslikni iltimos etishdi», deb javob berdi.

Avvalroq, O‘FA Samvel Babayanning diskvalifikatsiyasi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha bayonot berib, «Bunyodkor» futbol klubi unga shaxsiy kafil bo‘lish tashabbusini bildirgach, uning ustidan ochilgan ish 2018 yilning 1 fevral kuni yopilgani va diskvalifikatsiyasi bekor qilinganini ma’lum qildi.    

Biroq, O‘FA o‘tgan bir yil davomida Samvel Babayandan diskvalifikatsiya olib tashlangani haqidagi qarorni nega e’lon qilmagani haqida hech qanday ma’lumot bermadi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz