Узбек O'zbek
Samvel Babayan o‘zbek futboliga qaytdi – u O‘FA tomonidan umrbod chetlatilgan edi
Seshanba, 26 Fevral
12675

O‘zbek futboli mutaxassislaridan biri Samvel Babayan Toshkentning «Lokomotiv» klubida faoliyat olib boradi. 

«Temiryo‘lchilar» matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Babayan «Lokomotiv» klubi prezidenti Mansur Radjapovga maslahatchi etib tayinlangan.

Uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan:
1. Klub infratuzilmasini ko‘tarish hamda yangi bosqichga olib chiqish;
2. «Lokomotiv» bolalar va o‘smirlar futbol maktabini rivojlantirish va zamonaviy faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yish;
3. Klub moddiy-texnika bazasini yanada shakllantirish hamda buning uchun kerakli barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Samvel Babayan asosan «Paxtakor» klubidagi va O‘zbekiston terma jamoasidagi faoliyati orqali keng jamoatchilikka tanilgan. 2014 yilda u «Paxtakor» bosh murabbiyi sifatida O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, 2014 va 2015 yillarda O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan. 2017 yilda milliy terma jamoa bilan JCH-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritolmagan edi.

2018 yil yanvar oyida O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi Samvel Babayanni «Paxtakor» klubi futbolchilari shartnomasi bilan bog‘liq qallobligi uchun futboldan umrbod chetlatgan edi. Shundan so‘ng u Latviyaning «Spartak» klubida bosh murabbiy va texnik direktor bo‘lib ishladi.

Qayd qilish joizki, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Samvel Babayandan diskvalifikatsiya olib tashlangani haqida hech qanday qarorni e’lon qilmadi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz