Узбек O'zbek
Salaning jasadi vatani Argentinaga yetkazildi
Shanba, 16 Fevral
5383

Aviahalokat qurboni bo‘lgan hujumchi Emiliano Salaning jasadi o‘z vatani Argentinaga yetkazildi.

Mahalliy matbuot ma’lumotiga ko‘ra, bugun, 16 fevral kuni futbolchining birinchi klubi – «Progreso»ning sport zalida vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, to‘rt mavsumdan buyon «Nant» tarkibida o‘ynab kelgan Sala 19 yanvar kuni «Kardiff Siti» bilan shartnoma imzolagan, uning transfer qiymati Uels jamoasi uchun rekord miqdor – 15 mln yevroni tashkil etgandi.

Ma’lumot uchun, 28 yoshida vafot etgan Sala Argentinaning Santa Fe provinsiyasiga qarashli Kululu shaharchasida tug‘ilgan. U 15 yoshiga qadar «Progreso» klubida to‘p tepgan. Pprofessional faoliyatini Fransiyaning «Bordo» jamoasida boshlagan; «Orlean», «Nor» va «Kan» klublarida ijara asosida o‘ynagan. «Nant» uni «Bordo»dan 2015 yil yozida xarid qilgan edi.

21 yanvar kuni bortida Sala va uchuvchi Devid Ibbotson bo‘lgan «Piper PA-46 Malibu» rusumli samolyot Fransiyaning Nant shahridan Uelsning Kardiff shahriga qarab yo‘lga chiqqach, manzilga yetishiga bir soat qolganida radarlardan yo‘qolib qoldi. Samolyot qoldiqlari 3 fevral kuni La-Mansh bo‘g‘ozidan topildi. Uning bortida aniqlangan jasad 7 fevralda suvdan olib chiqildi, 8 fevralda barmoq izlari orqali Salaga tegishli ekani tasdiqlandi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz