Узбек O'zbek
Osiyo Kubogi. Bugun Yaponiya taxtga qaytish, Qatar esa ilk marta toj kiyish uchun maydonga chiqadi
Juma, 01 Fevral
4575

Bugun BAA mezbonligidagi ikkinchi Osiyo Kubogiga yakun yasaladi. Abu-Dabidagi final uchrashuvida Yaponiya va Qatar terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.

Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 19:00da o‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatovning hushtagi bilan start oladi.

Quyida hal qiluvchi bahs atrofidagi ba’zi faktlar keltirib o‘tiladi.

Terma jamoalar
– Yaponiya Osiyo Kubogidagi 9-ishtirokida 5-marta finalga chiqdi. Bu terma jamoa avvalgi to‘rtta finalning barchasida g‘alaba qozongan. Yaponiya qit’aning eng ko‘p karra chempioni hisoblanadi.

– Qatar 10-ishtirokida birinchi marta finalga chiqdi. Bundan avval qatarliklar chorak finaldan o‘ta olmay kelishgan.

– Jami 17ta Osiyo Kubogida 10ta terma jamoa finalda o‘ynagan. Qatardan avvalgi 9ta debyutant finalchidan 4tasi chempionlikka erishgan.

– Qatar finalga qadar o‘z darvozasidan birorta gol o‘tkazib yubormadi. Yaponiya 3 marotaba (Turkmaniston va O‘zbekiston bilan bahslarda) o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi.

– Yuqoridagi faktning davomi sifatida, Qatar bitta chempionat doirasida qayd etilgan to‘plar nisbati (+16) bo‘yicha Osiyo Kubogi rekordini o‘rnatdi.

– Qatar zarbalarni golga aylantirish borasida (34%) musobaqaning eng yaxshi jamoasi bo‘lib turibdi. 20 foiz samaradorlik qayd etgan Yaponiya va O‘zbekiston terma jamoalari bu borada yuqori uchlikka kirgan.

– Darvoza daxlsizligini saqlash bo‘yicha Yaponiyaning ham ko‘rsatkichlari yomon emas: yaponlar turnirdagi oxirgi 11ta o‘yinidan 8tasida gol o‘tkazib yuborishmagan.

– Yaponiya va Qatar hozirga qadar Osiyo Kubogi doirasida 4 marotaba to‘qnash kelgan. 1998 yilga to‘g‘ri kelgan birinchi o‘yinda Qatar, keyingi 2ta o‘yinda durang, 2011 yildagi oxirgi uchrashuvda Yaponiyaning g‘alabasi kuzatilgan. To‘plar nisbati 7:5, Qatar foydasiga.

Futbolchilar
– Qatarning 22 yoshli hujumchisi Ali Alma’iz 8ta gol bilan bitta Osiyo Kubogida eng ko‘p gol urish bo‘yicha rekordni yangilashi mumkin. 1996 yilgi musobaqada eronlik Ali Dai ham shuncha to‘p kiritgandi. E’tiborlisi, musobaqa davomida Alma’izning 9ta aniq zarbasidan 8tasi golga aylandi.

– Qatarning yana bir 22 yoshli hujumchisi Akrom Hassan Afif ikki yo‘nalishda eng yaxshi sohibi bo‘lib turibdi: u 8ta golli pas uzatdi va 20ta xavfli vaziyat yaratdi.

– Yaponiya hujumchisi Yuya Osakoning darvoza tomon aniq yo‘llagan oxirgi 6ta zarbasining barchasi gol bilan yakun topdi.

Final yo‘lidagi 6 o‘yinning umumiy statistikasi:
Yaponiya – Qatar

Gollar: 11 – 16
Zarbalar: 69 – 63
Darvoza sohasiga zarbalar: 31 – 28
Zarbalarni golga aylantirish: 16% – 25%
Uzatmalar: 2809 – 2477
Uzatmalar aniqligi: 82% – 80%
Maydonning uchinchi qismiga uzatmalar: 780 – 562
Maydonning uchinchi qismiga uzatmalar aniqligi: 66% – 65%
Yaqin/uzoq masofaga paslar: 87/13% – 87/13%
O‘tkazib yuborilgan gollar: 3 – 0
Qabul qilingan zarbalar: 63 – 55
Darvoza sohasiga qabul qilingan zarbalar: 15 – 10
Follar: 93 – 74
Sariq/qizil kartochkalar: 9/0 – 11/0

Finalga yo‘l
Yaponiya: Turkmaniston – 3:2, Ummon – 1:0, O‘zbekiston – 2:1, Saudiya Arabistoni – 1:0, Vetnam – 1:0, Eron – 3:0
Bosh murabbiy: Hadzime Moriyasu
Qatar: Livan – 2:0, KXDR – 6:0, Saudiya Arabistoni – 2:0, Iroq – 1:0, Janubiy Koreya – 1:0, BAA – 4:0.
Bosh murabbiy: Feliks Sanches

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik referi Ravshan Ermatov bugun ikkinchi marotaba Osiyo Kubogi finalini boshqaradi. U Qatar mezbonlik qilgan 2011 yilgi musobaqada ham hal qiluvchi o‘yinga tayinlangan edi. Abu-Dabi finalida Ermatovga hamyurtlari Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidov qanotlarda yordam beradi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz