Узбек O'zbek
«Anji-Arena»dagi gazonning ko‘chirilishini klub bosh murabbiyi va rasmiy sayti ikki xil izohladi
Chorshanba, 30 Yanvar
2676

«Anji» o‘z rasmiy saytida «Anji Arena» gazoni bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha bayonot bilan chiqdi.

«Bugun qator OAVda klubning qarzdorligi sabab «Anji Arena» stadionidagi gazonning olib ketilayotgani haqidagi noto‘g‘ri axborot paydo bo‘ldi. Stadionda rejaviy ishlar amalga oshirilmoqda. Maydonning suratda tasvirlangan qismida kollektor joylashgan. Maydonni isitish tizimida nosozlik ro‘y bergan va tizimning bir yoki bir nechta trubalaridan suv oqayotgani borasida taxmin bor edi.

Stadion xodimlari profilaktika ishlarini o‘tkazishmoqda va 20 kundan keyin gazon o‘sishini yaxshilash va «Anji Arena»ni mavsumning ikkinchi qismiga tayyorlash uchun isitish tizimi yoqiladi.

«Anji»ning haqiqatan ham stadion oldida qarzdorligi bor, ammo bu Premer-liga o‘yinlarini o‘tkazish uchun litsenziyaga ega respublikadagi yagona maydonni vayron qilish uchun asos hisoblanmaydi», –deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Chempionat.com» nashri Maxachqala klubi to‘lovlarni amalga oshirmagani uchun stadioni gazoni ko‘chirib ketilayotgani, maydon o‘rniga konsert maydoni qurish rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi.

Shu bilan birga, «Anji» bosh murabbiyi Magomed Adiyev TASS nashriga stadion gazoni qarzdorlik sababli ko‘chirila boshlagani haqida ma’lum qilgan.

«Anji» moliyaviy muammolarni boshdan kechirmoqda. Mavsum boshida klub rahbariyati Dog‘iston hukumatiga qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab murojaat qilgan edi, ammo yordam bo‘lgani yo‘q.

Klubda moliyaviy holat kundan kunga yomonlashib bormoqda. Bugun stadiondan gazonni ajratib olish boshlandi, ammo biz bundan tushkunlikka tushmaymiz. Vazifam – jamoani chempionatga tayyorlash, men bu vazifani bajarishga harakat qilaman», – degan Adiyev.

«Professional majburiyatlarimdan tashqari, menga premer-liga klubini ishonib topshirgan rahbariyat oldida ma’naviy burchim ham bor. Albatta, ular meni tayinlashganida tavakkalga qo‘l urishdi, ammo hozir men uchun hammasini tashlab ketishdan oson yo‘l yo‘q», – deya qo‘shimcha qilgan «Anji» bosh murabbiyi.

Eslatib o‘tamiz, «Anji» birinchi davrani 16 jamoa orasidan 15-o‘rinda yakunladi. «Sariq-yashillar» 5 fevraldan ikki haftalik ikkinchi yig‘in uchun Turkiyaga jo‘nab ketishadi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz