Узбек O'zbek
Final uchun jang: «ko‘k samuraylar» «fors shahzodalari»ga qarshi saf tortadi
Dushanba, 28 Yanvar
5188

Futbol bo‘yicha 2019 yilgi Osiyo kubogi yarim final bahslari bugun start oladi. Finalning dastlabki ishtirokchisi Eron Islom Respublikasi va Yaponiya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda aniqlanadi. Yarim final bahsi Toshkent vaqti bilan soat 19:00da Hazza bin Zayd stadionida boshlanadi.

Tarix

Ushbu juftlik o‘rtasida kechadigan o‘yin ikkinchi yarim final juftligi (BAA va Qatar) o‘yinidan ancha qiziq va murosasiz kechishi kutilmoqda. Osiyodagi eng kuchli jamoalarning ikkisi so‘nggi bor 2015 yilda o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan va tomonlar murosa ko‘chasini tanlagan.

Ikki jamoa bunga qadar turli musobaqa va o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘zaro 21 marta, Osiyo kubogida esa 3 marta to‘qnash kelgan:

Eron – Yaponiya. 0-0. 1988 yil 4 dekabr.

Eron – Yaponiya. 0-1. 1992 yil 3 noyabr.

Eron – Yaponiya. 0-0. 2004 yil 28 iyul.

Eron Osiyo kubogini so‘nggi marta 1976 yilda qo‘lga kiritgan. Yaponiya esa 2011 yilda ushbu turnirda g‘alaba qozongan.

Forslar ketma-ket uchinchi Osiyo kubogida yarim final bosqichiga yetib kelgan va bu yil ular 42 yillik orzu tomon katta shijoat bilan maydonga tushishi aniq.

Yaponiya uchun esa bu o‘yin nafaqat Osiyo kubogi finaliga qadam, balki avlodlar almashinuvi jarayonidagi milliy terma jamoani mas’uliyat sinovidan o‘tkazish, Osiyodagi favoritlik maqomini qaytarib olish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi.

Ikki jamoa jahon darajasida

Rossiyada o‘tgan Jahon chempionatida Karlush Keyrush shogirdlari Ispaniyaga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Portugaliya bilan durang natija qayd etdi. Marokash ustidan g‘alaba qozondi, biroq guruhda qolib ketdi.

Jamoa nimalarga qodir va qanday jismoniy imkoniyatlarga ega ekanligini aynan o‘tgan yilgi jahon chempionati davomida isbotladi. Hozirda forslar FIFA reytingida 29 pog‘onani band etgan.

Yaponiya esa o‘z guruhida Kolumbiya, Polsha va Senegal bilan kuch sinashdi. Yaponiya Kolumbiyani mag‘lub etdi, Senegal bilan durang o‘ynadi va Polshaga kichik hisobda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. «Ko‘k samuraylar» shu natija bilan guruhdan chiqishni uddalashdi. Nimchorak finalda esa dastlab Belgiyani yutayotgan yaponlar o‘yin oxirida biroz tajriba yetishmagani oqibatida 3:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi.

Bugungi kunda Osiyoning ikkinchi jamoasi FIFA reytingida 50 o‘rinda turibdi.

Legionerlar

Eron jamoasi tarkibida Yevroligalarda tajriba orttirgan va to‘p surayotgan futbolchilar anchagina. So‘nggi o‘n yillikda fors futbolchilari asosan Angliya, Germaniya, Gollandiya, Portugaliya, Fransiya va Rossiya ligalarida faoliyat olib boryapti.

Milad Muhammadiy – «Axmat» (Rossiya)

Murtazo Puraliganjiy – «KAS Eypen» (Belgiya)

Umid Ibrohimiy – «Al Ahli» (Qatar)

Karim Ansorifard – «Nottingem Forest» (Angliya)

Vohid Amiriy – «Trabzonspor» (Turkiya)

Amir Obidzoda – «Maritimu» (Portugaliya)

Said Saman G‘oddos – «Amens» (Fransiya)

Mahdiy Torimiy – «Al Garafa» (Qatar)

Alirizo Jahonbaxsh – «Brayton end Houv Albion» (Angliya)

Sardor Azmun – «Rubin» (Rossiya)

Said Majid Hussayniy – «Trabzonspor» (Turkiya)

Ramin Rizoiyon – «Al Shahaniya» (Qatar)

Forslar tarkibida «Traktorsozi» klubi a’zolari Ma’sud Shojaiy (sobiq «Osasuna» klubi futbolchisi) va Ashkan Dejaga (sobiq «Fulhem» va «Volfsburg» klublari futbolchisi) kabi tajribali o‘yinchilar o‘yinning borishi, jamoadagi ruhiyatga katta ta’sir ko‘rsata oladi.

Yaponiya futbol maktabi ham mana necha yillar davomida Yevroligalarga iqtidorli futbolchilarni yetkazib bermoqda. «Ko‘k samuraylar»da avlodlar almashinuvi kechayotganligi sababli Sindzi Kagava, Makoto Hasebe, Hiroshi Kiyotake, Keysuke Honda, Asuto Uchida, Eidzi Kavashima, Sindzi Okazaki kabi taniqli futbolchilarning o‘rnini yoshlar egallagan.

Maya Yoshida – «Sauthempton» (Angliya)

Yuto Nagatomo – «Galatasaroy» (Turkiya)

Vataru Endo – «Sint-Truidense» (Belgiya)

Gaku Shibasaki – «Hetafe» (Ispaniya)

Genki Xaraguchi – «Gannover 96» (Germaniya)

Takumi Minamino – «Red Bull» (Avstriya)

Takashi Inui – «Real Betis» (Ispaniya)

Yoshinori Muto – «Nyukasl Yunayted» (Angliya)

Yuya Osako – «Verder» (Germaniya)

Takexiro Tomiyasu – «Sint-Truidense» (Belgiya)

Xiroki Sakai – «Marsel» (Fransiya)

Doan Ritsu – «Groningen» (Daniya)

Murabbiylar

Karlush Keyrush Eron milliy terma jamoasini sakkiz yil davomida jahon darajasida tengma-teng kurasha oladigan jamoa sifatida shakllantirdi.

Osiyo kubogidan so‘ng Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiy bo‘lishi kutilayotgan Keyrush BAAda o‘tayotgan musobaqa bosh sovrinini qo‘lga kiritib, navbatdagi manzilga yo‘l olmoqchi.

O‘yin oldidan portugaliyalik mutaxassis shunday fikr bildirgan: «Muhimi bizda ajoyib jamoa va ajoyib o‘yinchilar bor. Biz o‘zimizga ishongan holda o‘ynashimiz shart. Jamoaning quroli bor, raqibdan ehtiyot bo‘lishimiz, ularning kuchli jihatlarini nazoratimiz ostiga olishimiz kerak.

Sakkiz yil, shuncha talafot va o‘yinlardan so‘ng oldimizda yarim finalda ajoyib jamoaga qarshi bir o‘yingina qolgan xolos. Turli mashaqqat va qiyinchiliklarni yengib shu yerda turganimizdan xursandmiz va faxrlanamiz. Bu o‘yinchilar va butun jamoamiz uchun fantastika».

Xajime Moriyasu avlodlar almashinuvi boshida turgan murabbiy sifatida mas’uliyat sinovidan o‘tish yoki o‘ta olmasligi aynan shu o‘yin bilan bog‘liq. Chunki unga qadar Takeshi Okada boshlagan, Zakkeroni va Halilhojichlar davom ettirgan yapon futbol maktabining bir dekadalik avlodi almashmoqda. Navbat esa Moriyasuga keldi.

Yaponiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Xajime Moriyasu esa shunday deydi: «Eron – ham Osiyo, ham FIFA reytingidagi yuqori darajali jamoadir. Ular buni Osiyo kubogida ko‘rsatib keldi. Biz har bir raqibni hurmat qilamiz, lekin asosiysi, bu o‘z o‘yinimizni ko‘rsatish. O‘yinimiz maksimal tarzda sifatli bo‘lishi kerak. Umid qilamizki, biz buni o‘yin davomida ko‘rsata olamiz.

G‘alaba uchun tajovuzkor o‘yin zarur va men xohlaymanki, o‘yinchilar qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi».

Osiyo Kubogi – 2019. Yarim finalgacha yo‘l.

Mintaqadagi prinsipial raqiblari Iroqdan boshqa jamoalarga hech qanday imkon qoldirmagan Eron milliy terma jamoasi Osiyo kubogini olib ketish uchun kelgani aniqlashib boryapti. Darvozabon Alirizo Beyranvand yarim finalgacha hali darvozasidan to‘p olib chiqqani yo‘q. Sardor Azmunning esa musobaqa to‘purari bo‘lishi uchun imkoni bor. To‘plar nisbati 12:0.

Eron – Yaman. 5-0.

Eron – Vetnam. 2-0.

Eron – Iroq. 0-0.

Nimchorak final. Eron – Ummon. 2-0.

Chorak final. Eron – Xitoy. 3-0.

Eron tarkibida finalga shaylanganlar orasida Sardor Azmun, Ashkan Dejaga, Alirizo Jahonbaxsh va Alirizo Beyranvandlar yarim final o‘yini qahramoniga aylanishi mumkin.

Yaponiya milliy terma jamoasi yarim finalgacha haqiqiy samuraylar yo‘lini bosib o‘tdi. Guruhda Turkmaniston, O‘zbekistonni, so‘ng pleyoffda Saudiya Arabistoni va Vetnamni qiyinchilik bilan yenggan yaponlar oldida jiddiy to‘siq turibdi.

Yaponiya – Turkmaniston. 3-2.

Yaponiya – Ummon. 1-0.

Yaponiya – O‘zbekiston. 2-1.

Nimchorak final. Yaponiya – Saudiya Arabistoni. 1-0.

Chorak final. Yaponiya – Vetnam. 1-0.

Yaponiya terma jamoasi jismoniy jihatdan forslar bilan teng kurashga chiqa olmasligi mumkin, lekin aqlli o‘yin bilan forslarni ranjitsa bo‘ladi.

Himoyada Nagatomo va Yoshida, hujumda Osako va markazda Mutoning faolligi, tartibli o‘yini Yaponiyaga g‘alaba keltirishi mumkin.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz