Узбек O'zbek
Osiyo Kubogiga hakamlar qanday tanlab olingani ma’lum bo‘ldi
Chorshanba, 16 Yanvar
6644

Osiyo Kubogida o‘zbekistonlik hakamlar ham faoliyat olib bormoqda. O‘FA matbuot xizmati nufuzli musobaqada ishlash uchun nomzodlar qanday tanlab olingani haqida ma’lumot berdi.

Avvalo, Osiyo Kubogi o‘yinlarini boshqarishga nomzod hakamlar nazariy imtihonlardan o‘tkazildi. Keyin esa ular yuqori malakali mutaxassislar nazoratida jismoniy sinovlar topshirishdi. Shundan so‘ng, maydonda futbolchilar ishtirokida o‘yinda ro‘y beradigan turli vaziyatlar (jarima maydonchasi ichidagi qoida buzilishi, taktika follari, o‘yindan tashqari holat va h.k.) sodir etildi, hakamlar esa bu vaziyatlarda tezkor qaror chiqarishlari talab etildi. Bu jarayon videoga olinib, mashg‘ulotdan keyin hakamlarga namoyish etildi va xatolar tahlil qilindi. Bu jarayonlar davomida muntazam ravishda hakamlarning sog‘lig‘i nazorat qilib turildi. Ular maxsus vitaminlar qabul qilib borishdi. Shuningdek, Osiyo Kubogida qatnashadigan har bir jamoaning o‘yin taktikasi, o‘ziga xos fe’l-atvorga ega futbolchi va murabbiylari o‘rganib chiqilib, ular haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. 
 
Hakamlarning o‘yinlarga tayyorgarlik sxemasi quyidagicha:
- O‘yinga 4 kun qolganda: Yuqori intensiv jismoniy mashg‘ulot.
- O‘yinga 3 kun qolganda: Futbolchilar ishtirokida maydonda ro‘y beradigan bahsli vaziyatlar bo‘yicha texnik mashg‘ulot + o‘rtacha intensiv jismoniy mashqlar. Bu mashqlar paytida jarima maydonchasi ichida ro‘y beradigan epizodlar va o‘yindan tashqari holatlar 4ta videokamera yordamida yozib olinib, keyin hakamning harakatlari tahlil qilinadi.
- O‘yinga 2 kun qolganda: 15 daqiqalik 2ta taymdan iborat futbol o‘yini tashkil qilinib, hakamlar guruhi ushbu o‘yinni boshqaradi + o‘rtacha intensiv jismoniy mashqlar.
- O‘yinga 1 kun qolganda. O‘yin bo‘ladigan shaharga yo‘l olish (agar o‘yin boshqa shaharda o‘tkazilayotgan bo‘lsa). O‘yin bo‘lib o‘tadigan maydonda yengil mashg‘ulotlar.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo Kubogida O‘zbekiston nomidan quyidagi hakam va instruktorlar ish olib borishyapti: 
Ravshan Ermatov (Referi)
Valentin Kovalenko (Referi)
Ilgiz Tantashev (Referi)
Jahongir Saidov (Referi assistenti)
Abduhamidullo Rasulov (Referi assistenti)
Farhod Abdullayev (Instruktor).

Shuningdek, Osiyo Kubogida FIFA mutaxassislari ham faoliyat yurityapti:

Perluijdi Kollina (FIFAning Hakamlar qo‘mitasi raisi)
Massimo Buzakka (FIFA Hakamlari direktori)
Devid Ellerey (IFAB Texnik direktori).

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz