Узбек O'zbek
Muhim o‘yin arafasida: Eng yaxshi natijaga erisha olishimiz uchun 4 sabab
Seshanba, 08 Yanvar
16808

Ertaga, 9 yanvar kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi-2019 turniridagi ilk o‘yinini o‘tkazadi. Terma jamoaning bu turnirdagi eng yaxshi natijasi 2011 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Vadim Abramov bosh murabbiyligidagi jamoa yarim finalgacha chiqib borgandi. Endilikda bu vazifani yaxshilash uchun yoki finalga chiqish yoki hech bo‘lmasa, yarim finalda 0:6 hisobida mag‘lubiyatga uchramaslik kerak bo‘ladi. Xo‘sh, bunday natija bugungi jamoamizning qo‘lidan keladimi? Hozirgi holatimiz vaziyatga optimistik qarash uchun yetarli bo‘la oladimi?

Ilk kundan yaxshi kayfiyatda bo‘lish balki turnir davomida bizga hamroh bo‘lishidan umid qilgan holda, ijobiy natijalarga sabab bo‘la oladigan omillarni tilga olishga qaror qildik.

Taqvim

Guruhimizda turnir favoritlaridan biri Yaponiya terma jamoasi o‘rin olgan bo‘lsa-da, taqvimning biz uchun qulay ekanini e’tirof etish kerak.

Birinchidan, Yaponiya terma jamoasi bilan so‘nggi turda ro‘para kelamiz. To‘g‘ri, guruhdan chiqish uchun baribir Ummon va Turkmanistonga qarshi o‘yinlarda ijobiy natija qayd etish kerak, ammo guruh favoriti bo‘lmish yaponlar biz bilan o‘yingacha katta ehtimol bilan masalani hal qilgan bo‘lishadi.

Endi tasavvur qiling, birinchi turda Yaponiya bilan o‘ynab, mag‘lubiyatga uchraganimizda, nima bo‘lardi? Qaysidir raqibimiz o‘sha kuni uch ochko egasiga aylanardi va 2-turda biz katta bosim ostida qolar edik. G‘alaba qozonish shart bo‘lgan o‘yinda maydonga tushish bilan birgalikda, so‘nggi turda kim bilandir Yaponiyaning bor kuch bilan o‘ynashiga umid qilishimizga to‘g‘ri kelardi.

Ikkinchidan, agar guruhda 2-o‘rinni oladigan bo‘lsak, Avstraliya, Iordaniya, Suriya va Falastin o‘rin olgan guruhning ikkinchi jamoasiga qarshi maydonga tushishimiz kerak. Avstraliya ilk o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, menimcha, guruhda favoritligicha qolsa kerak va balki bizga nimchorak finalda arab jamoalaridan biri to‘qnash keladi. Mabodo chorak finalga chiqib qoladigan bo‘lsak ham, u yerda bizni Eron, Koreya, Yaponiya emas, eng kuchli holatda BAA kutib oladi.

Albatta, BAA o‘z holicha va maydon egasi sifatida xavfli raqib, lekin ularni yutsa bo‘ladi. Demak, hammasi biz o‘ylagan reja bo‘yicha ketsa, O‘zbekiston Osiyo peshqadamlari bilan o‘ynamay turib ham, yarim final ishtirokchisiga aylanishi mumkin. 

Kuper va sharoit

Bu ikki faktorni ikki xil talqin qilish mumkin. Sharoitlar yaxshi bo‘lgani va e’tibor kuchaygani tufayli, Ektor Kuper kabi mutaxassis taklif etildi. Yoki Kuper terma jamoamizda ishlayotgani uchun yaxshi sharoitlarga ega bo‘lindi. Tan olaylik, mahalliy murabbiylar tayyorgarlik uchun zarur bo‘lgan barcha talablarini federatsiyadan so‘rab ololmasdi. Ko‘pincha, o‘zimizning murabbiylar taqdim etilgan shartlarda ishlashga majbur bo‘lishardi. Kuperni taklif qilib, mutasaddilar nafaqat tajribali murabbiyga ega bo‘lishdi, balki terma jamoamiz tayyorgarligi uchun avvalgidan ko‘proq jonbozlik ko‘rsatishga rozi ekanliklarini namoyish qilishdi.

To‘g‘ri, so‘nggi pallalarda terma jamoamiz o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushmadi va Osiyo Kubogi oldidan birorta nazorat o‘yinini o‘tkazmagan yagona jamoa bo‘ldi. Lekin bu yerda muhimi – Kuper bunday uchrashuvni o‘tkazishni istab, ammo yakunda reja amalga oshmay qoldimi yoki o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazmaslik qarori murabbiyning tashabbusi bilan qabul qilindimi? Bilishimcha, Kuperning o‘zi Osiyo Kubogi oldidan hech kim bilan o‘ynamaslikni ixtiyor etgan.

Bunday holda o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lmagani uchun murabbiyni hozirdan tanqid qilishimiz noo‘rin. O‘rtoqlik o‘yini Osiyo Kubogida qarshimizga chiqadigan yakuniy «mahsulot»ni tayyorlashda kerak bo‘ladigan masalliqdir. «Oshpaz» bu masalliqsiz ham «ovqati» shirin bo‘lishini aytyaptimi, demak biz iste’molchi sifatida unga «mana bu narsadan qo‘sh», «mana bu kamroq bo‘lib qolibdi, qozonga solsang, shirinroq bo‘ladi», deb o‘rgata olmaymiz.

Qachonki, agar ilk o‘yinlarda terma jamoamiz a’zolarida o‘zaro tushunmovchiliklar ko‘zga tashlansa, muammolarni ko‘rsak, biz Kuperni tayyorgarlik yaxshi bo‘lmagani, o‘rtoqlik o‘yinlaridan voz kechish aslida zararimizga ishlaganini aytib, tanqid qilishga haqqimiz bo‘ladi. Demak agar o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazilmagani sizga qattiq ta’sir qilayotgan bo‘lsa, kamida ertani kuting.

Yangi rahbariyat

E’tibor bersangiz, har qanday jamoada yoki tashkilotda rahbar almashsa, ishlar ijobiy tomonga o‘zgara boshlaydi. Bu yerda gap yangilarning eskilardan aqlliroq, yaxshiroq ekanida ham emas, shunchaki, bir rahbar yoki murabbiyning uzoq vaqt bir yerda turib qolishi natijasida, turg‘unlik davri yuzaga kelgan bo‘ladi, bu esa, tabiiyki motivatsiyaga, natijalarga, ambitsiyalarga ta’sir qiladi. 

Misol uchun, 2001 yilda futbolimizda yangi rahbarlar kelganida ham, 2006 yilda Mirabror Usmonov futbolimiz boshiga kelganida ham, jamoalarimizda, umuman futbolimizda sezilarli o‘zgarishlar bo‘lgan. Chunki yangi rahbar avvalgi xizmatlarining «ustida o‘tirmaydi», tezda o‘zini ko‘rsatish payida bo‘ladi.

Bugungi rahbarlarimiz uchun bu ilk jiddiy turnirdir. Tabiiyki, so‘nggi vaqtlarda qilingan ishlar bejizga ketmagani, to‘g‘ri amalga oshirilganini isbotlash uchun ham ular mas’uliyatliroq yondashishlari tabiiy. Endi esa, natijani, ya’ni rostan ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganini kutishga haqlimiz. 

Motivatsiya

Yuqoridagi omilni xususan terma jamoamizning bugungi tarkibiga nisbatan ham ishlatish mumkin. Kuper jamoasida hozirda juda ko‘p iqtidorli va yosh futbolchilar yig‘ilgan va aytish mumkinki, ularning aksariyati bugungi kunda faoliyatlaridagi burilish nuqtasida turishibdi. Chunki, aynan Osiyo Kubogidagi muvaffaqiyatli o‘yin va natija tufayli ular balki kelajaklari uchun katta ta’sir qiladigan shartnomalarga ega bo‘lishlari mumkin. Sidiqov, Masharipov, Rashidov, Hamdamov, Shukurov va boshqa futbolchilarda faoliyatlaridagi navbatdagi dadil qadamni tashlash pallasi kelgan.

Shu nuqtai nazardan, bugungi jamoani 2011 yildagi Abramov jamoasiga o‘xshataman. O‘shanda ham ko‘pgina futbolchilar, xususan Odil Ahmedov ham aynan o‘sha turnirdan keyin, legionerga aylangandi. 2015 yilda esa aksincha, tarkibdagi yetakchi futbolchilar Kapadze ham, Jeparov yoki boshqalar ham faoliyatdagi so‘nggi davrlarni o‘tkazayotgan edi. Yuqorida tilga olingan Odil Ahmedovning holati, ya’ni Osiyo-2011 turniridan keyin juda yaxshi transfer shartnomalariga ega bo‘lgani bugungi yosh futbolchilarga namuna bo‘lishi kerak.

Qisqasi, mister Kuperga futbolchilarimizda motivatsiya uyg‘otish u qadar qiyin bo‘lmaydi.

Q.Aslanov

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz