Узбек O'zbek
Salohning narxi deyarli 3 barobar oshdi. 2018 yilda qimmatlashgan futbolchilar o‘nligi
Shanba, 29 Dekabr
33999

Jahon chempionati o‘tgan 2018 yilda bir qancha mashhur futbolchilarning narxi yanada qimmatlashdi. Quyida shunday futbolchilar o‘nligi (transfermarkt ma’lumotlari bo‘yicha) taqdim etiladi.

1. Kilian Mbappe
Klubi: «PSJ»
Yoshi: 20 
Yil boshidagi transfer narxi: 90 million yevro
Yil oxiridagi transfer narxi: 200 million yevro
O‘sish: 110 million yevro (122,2 foiz)

Bu yigitcha bir yilda «PSJ» bilan 3 kubok yutdi, Fransiya terma jamoasi bilan jahon chempioni bo‘ldi va turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘ldi. Yil oxirida esa «Oltin to‘p»ga da’vogarlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

2. Muhammad Saloh
Klubi: «Liverpul»
Yoshi: 26
Yil boshidagi transfer narxi: 40 million yevro
Yil oxiridagi transfer narxi: 150 million yevro
O‘sish: 110 million yevro (275 foiz)

Misrlik futbolchi bu ro‘yxatga mundialdagi ishtiroki tufayli emas, «Liverpul»da o‘tgan mavsumda ko‘rsatgan yorqin o‘yinlari evaziga kirdi. U jahon chempionati arafasida, YeCHL finalida yelkasidan jarohat olgani tufayli kutilgan o‘yinni namoyish eta olmadi. Ammo u Rossiyadagi turnirda Misrning ikkita goliga ham o‘zi muallif bo‘ldi. Joriy mavsum boshida ham Saloh o‘yinida pasayish kuzatildi, ammo yil oxiriga kelib uni to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmayapti.

3. Eden Azar
Klubi: «Chelsi»
Yoshi: 27 
Yil boshidagi transfer narxi: 75 million yevro
Yil oxiridagi transfer narxi: 150 million yevro
O‘sish: 75 million yevro (100 foiz)

Azar ko‘p yillardan buyon yuqori sport formasini saqlab qolmoqda. O‘tgan mavsumda u londonliklar jamoasi bilan Angliya Kubogida g‘alaba qozondi, jahon chempionatida Belgiya bilan uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va Luka Modrichdan keyin turnirning eng yaxshi ikkinchi futbolchisi bo‘ldi. Yangi mavsumda «Chelsi»ni Maurisio Sarri boshqarmoqda va u Edenning yangi qirralarini ochishga muvaffaq bo‘ldi. Italiyalik mutaxassis bu futbolchidan «aldamchi to‘qqizlik» sifatida foydalana boshladi.

4. Kevin de Bryuyne
Klubi: «Manchester Siti»
Yoshi: 27
Yil boshidagi transfer narxi: 75 million yevro
Yil oxiridagi transfer narxi: 150 million yevro
O‘sish: 75 million yevro (100 foiz)

De Bryuyne «Siti» bilan Angliyada 4 asosiy sovrindan 3tasini qo‘lga kiritdi va o‘tgan mavsumda premer-liganing eng yaxshi assistenti bo‘ldi. U JCH-2018 turnirida ham 3ta golga hammuallif bo‘ldi, Braziliyaga qarshi chorak final o‘yinida g‘alaba golini urdi (2:1). Bu mavsumda esa Kevin ikki marta jarohat oldi va deyarli o‘ynamadi. Biroz oldinroq safga qaytgan futbolchi «Lester» va «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinlarda maydonga tushdi, ammo uning qaytishi jamoasining inqiroz davriga to‘g‘ri kelib, bu ikki o‘yinda ham «shaharliklar» mag‘lub bo‘lishdi.

5. Felippe Koutino
Klubi: «Barselona»
Yoshi: 26
Yil boshidagi transfer narxi: 65 million yevro
Yil oxiridagi transfer narxi: 140 million yevro
O‘sish: 75 million yevro (115,4 foiz)

Yanvar oyida «Liverpul»dan «Barselona»ga o‘tgan braziliyalik futbolchining transfer qiymati o‘z-o‘zidan oshdi. Qolaversa, futbolchining o‘zi ham kataloniyaliklar tarkibida o‘zini ko‘rsata oldi. Bu klubda yarimhimoyachilar tanlovi ko‘p bo‘lishiga qaramay u asosiy tarkibdan muqim joy ola oldi. Ernesto Valverde asosiy o‘yinlarda janubiy amerikalik havbekka ishonch bildirmoqda.

6. Harri Keyn
Klubi: «Tottenhem»
Yoshi: 25
Yil boshidagi transfer narxi: 80 million yevro
Yil oxiridagi transfer narxi: 150 million yevro
O‘sish: 70 million yevro (87,5 foiz)

Jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari bu ro‘yxatdan joy olmasligi mumkin emasdi. Qolaversa u APLda ham «Tottenhem» safida qalashtirib gollar urmoqda. U London jamoasida joriy kalendar yilida 49 o‘yinda 32 golga mualliflik qildi.

7. Rahim Sterling
Klubi: «Manchester Siti»
Yoshi: 24
Yil boshidagi transfer narxi: 50 million yevro
Yil oxiridagi transfer narxi: 120 million yevro
O‘sish: 70 million yevro (140 foiz)

U yilning ikkinchi yarmidan yuqori sport formasiga kirdi. Jahon chempionatidan keyin o‘yini kuchaygan Sterling «Siti»ning asosiy gollarini ura boshladi. Oktyabr oyida esa u uch yildan buyon ilk marta Angliya terma jamoasida gol urishga erishdi - uning dubli Millatlar Ligasi doirasida Ispaniyaga qarshi o‘yinda terma jamoaga muhim g‘alabani taqdim etdi.

8. Leroy Sane
Klubi: «Manchester Siti»
Yoshi: 22
Yil boshidagi transfer narxi: 45 million yevro
Yil oxiridagi transfer narxi: 100 million yevro
O‘sish: 55 million yevro (122,2 foiz)

Sane mundial uchun tarkibga chaqirilmagani yosh futbolchidan ko‘ra Germaniya terma jamoasiga va bosh murabbiy Yoaxim Lyovga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. «Manchester Siti»da Xosep Gvardiola bilan hamkorlik uni yangi pog‘onaga ko‘targan, ispaniyalik mutaxassis nemis futbolchisining imkoniyatlarini ochgan.

9. Antuan Grizmann
Klubi: «Atletiko»
Yoshi: 27
Yil boshidagi transfer narxi: 100 million yevro
Yil oxiridagi transfer narxi: 150 million yevro
O‘sish: 50 million yevro (50 foiz)

Rossiyadagi jahon chempionatidagi triumfdan keyin faqat uni FIFA, UEFA va «Oltin to‘p» sovrini tashkilotchilari ham tan olishi qolgandi. Ammo hozircha bunday bo‘lib chiqmadi, lekin u keyingi yillarda ham sovrin uchun asosiy nomzodlardan biri bo‘lib qolaveradi.

10. Ngola Kante
Klubi: «Chelsi»
Yoshi: 27
Yil boshidagi transfer narxi: 50 million yevro
Yil oxiridagi transfer narxi: 100 million yevro
O‘sish: 50 million yevro (100 foiz)

Futbol tarixidagi eng kamtar va odobli bu futbolchi nafaqat Angliya chempionatidagi o‘yinlari orqali, balki Fransiya terma jamoasidagi ahamiyati bilan ham bu ro‘yxatga munosib edi. U qayerda bo‘lsa ham jamoadoshlarining xatolarini tuzatib kelmoqda, u fransuzlar yana bir bor jahon chempioni bo‘lishida asosiy ishlarni bajarganlardan biri bo‘ldi. U keyingi bir yil ichida o‘zining taktik arsenalini yanada kengaytirdi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz