Узбек O'zbek
Anons: Yevropada yilning oxirgi turlari, Angliya boksing-dey arafasida
Juma, 21 Dekabr
8549

Germaniya, Fransiya va Ispaniyada tanaffus oldidan so‘nggi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi. Italiyada ham kelasi hafta ta’tilga chiqishadi. Angliyada esa, eng qizg‘in palla endi boshlanyapti. Albatta, turli kayfiyat, turli vaziyatdagi kuchli beshlik chempionatlarida kelayotgan dam olish kunlariga mo‘ljallangan e’tiborli o‘yinlar ham talaygina. An’anaviy ravishda navbatdagi anonsimizni taqdim etamiz. 

BORUSSIYA D - BORUSSIYA M (22 dekabrga o‘tar kechasi, 00:30)

Dortmudliklar o‘tgan turda kutilmaganda autsayderga imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Bu ketma-ket muhim o‘yinlardan keyin bo‘shashish tufayli sodir bo‘lgan tasodifmi yoki birinchi yarim yilda Yevropada eng kuchli o‘yin namoyish etgan jamoalardan birida pasayish boshlanyaptimi, bu savolga ushbu uchrashuv qisman javob beradi. 

Raqib ham anoyi emas, menxengladbaxliklar turnir jadvalida Dortmund klubiga eng yaqin ta’qibchi sanaladi. Jamoa juda yaxshi formada - so‘nggi 7 o‘yinda atigi 1 mag‘lubiyat xolos. U ham bo‘lsa, ancha kuchli sanalgan «Leypsig»dan. «Bavariya» ham yaqinlashib kelayotganini e’tiborga olsak, bu o‘yinda maydonga tushadigan har ikki jamoa ham g‘alaba uchun o‘ynashi shubhasiz. 

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, oxirgi 6 o‘yinda muntazam ravishda dortmunliklar g‘alaba qozonib kelgan. O‘z maydonidagi o‘yinlarda esa, oxirgi 12 uchrashuvdan 11tasida «adashlar»ni yengishgan. O‘tgan mavsumda «Iduna Park»dagi o‘yinda mezbonlar 6:1 hisobida zafar quchgandi. O‘sha o‘yinda het-trik sohibi bo‘lgan Per-Emerik Obemeyang hozir «Arsenal» tarkibida to‘p surmoqda. Jamoaning bugungi to‘purari Marko Roys esa, o‘z vaqtida Menxengladbaxda to‘p surgandi. Qizig‘i, Roys aynan sobiq jamoasiga qarshi o‘yinlarda samarali harakat qiladi - 6 gol va 5 assist. Boshqa biror jamoaga qarshi Roys bu qadar sermahsul bo‘lmagan. Lusen Favr - dortmundliklar ustozi 2011-2015 yillarda aynan Menxengladbax jamoasi bosh murabbiyi bo‘lgan.

Tarkiblar borasida mezbonlarda yo‘qotishlar yo‘q. Mehmonlarda esa, nihoyat jamoa yetakchilaridan biri Jonas Hoffman maydonga qaytishi mumkin. U mashg‘ulotlarga kirishgan va murabbiy muhim uchrashuvda Jonasni safga qaytarishi mumkin.  

VULVERHEMPTON - LIVERPUL (22 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Angliya Premer Ligasi peshqadamining o‘rtamiyona «bo‘rilar» bilan o‘yinini alohida e’tiborga olish balki shart emasdir, ammo ba’zi sabablar bunga majbur qiladi. Masalan, o‘yin juma kechasi bo‘lib o‘tadi: bir hafta davomida Yevropa futbolini sog‘ingan muxlislar uchun yaxshi mashq. 

Eng asosiysi esa, «Vulverhempton»ning aynan top-jamoalarga qarshi ishonchli harakat qilishidir. APL debyutanti dastlab o‘z maydonida «Manchester Siti» bilan o‘yinda durangga erishib, sensatsiyalarni boshlagandi. Keyin esa, «Old Trafford» mezbonlari «Vulverhempton» qarshiligini yenga olishmadi. «Arsenal» bilan safar o‘yinida ham jamoa hisobda oldinda borib, yakunda bir ochkoli bo‘lishgan. «Chelsi»ga qarshi uchrashuv esa, hatto Nunu Santo shogirdlari irodali g‘alabaga ham erishdi. Jamoa top raqiblardan faqat «Tottenhem»ga imkoniyatni boy berdi - o‘sha o‘yin ham juda qiziq o‘tib, 2:3 hisobi qayd etilgandi. 

Demak, bugun «Liverpul»ga ham oson bo‘lmaydi. Buning ustiga, «Vulverhempton» oxirgi uch o‘yinda ketma-ket g‘alaba qozondi va turnir jadvalida 7-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bu o‘rin o‘rtamiyonalar ichida chempionlikka teng.  

O‘tgan hafta ajoyib ikki o‘yin o‘tkazib, Chempionlar Ligasida keyingi bosqichga yo‘llanma qo‘lga kiritgan va Mourinoni iste’foga «chiqarib», ligada peshqadamlikni o‘z qo‘lida saqlab qolgan Klopp shogirdlari uchun bu o‘yin ham juda muhim. Boksing-dey oldidan barqarorlikni va o‘sha yuqori tempni saqlab qolish uchun «Liverpul» ochko yo‘qotmasligi shart. 

Aytgancha, jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv ikki yil oldin, Angliya Kubogi uchinchi bosqichida bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda kutilmaganda «Vulverhempton» safarda nomdor raqibi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqqandi. 

BARSELONA - SELTA (22 dekabr, 22:30)

Ispaniya chempionatida «Barselona» uchun eng syurpriz raqiblardan biri. Noqulay, deyish ham qiyin, chunki bu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar doim qizg‘in va kurashlar ostida kechadi, deb aytish qiyin. Masalan, oxirgi uch yilda «Barselona» «Selta» ustidan «Kamp Nou»da uch marta yirik hisobda ustun kelgan - 5:0, 5:0, 6:1. Ammo shu bilan birga, bu o‘yinlar orasida o‘tgan yilgi 2:2 hisobidagi durang va 2015 yildagi 1:0 hisobidagi mehmonlarning g‘alabasi ham bor.  O‘sha yili Vigoda bo‘lib o‘tgan o‘yinda esa, «Selta» 4:1 hisobidagi g‘alabaga erishgan. 

Xullas, bu jamoalar o‘yinini oldindan taxmin qilish qiyin: «Barselona» uchun yengil sayr bo‘lishi ham yoki juda qiyin o‘yin bo‘lishi ham mumkin. Shu nuqtai nazardan bu o‘yinni e’tibordan qochirmaslikni maslahat beramiz. 

«Selta» nafaqat «Barselona» bilan o‘yinlarda, umuman chempionatda juda beqaror. O‘tgan turlarda dastlab safarda «Vilyareal»ga qarshi qiyin o‘yinda irodali g‘alaba qozongan vigoliklar o‘z maydonlarida «Leganes» bilan durang o‘ynab qo‘yishdi. Mana shunday natijalar qayd etayotgan «Selta» hozirda 21 ochko bilan 9-o‘rinni egallab turibdi. Lekin Yevropa Ligasi o‘rinlari uchun masofa uzoq emas - 4 ochko xolos. 

Tarkiblar borasida mezbonlarda juda ko‘p jarohatlar bor. Rafinya, Malkom, Semedo, Umtiti, Roberto kabi futbolchilar hali ham jamoaga yordam bera olishmaydi. Bular ichida faqat Serjio Roberto mashg‘ulotlarga kirishdi va kerak bo‘lganda, balki zaxiradan tushib yordam berishi mumkin. Valverde tarkibdagi yo‘qotishlarni o‘rnini juda yaxshi to‘ldira olyapti, hatto 3 himoyachidan iborat sxemani qo‘llay boshlaganini o‘tgan turda ko‘rdik. 

Bu o‘yin bayram arafasidagi so‘nggi o‘yin bo‘lib, keyin jamoalar ikki haftalik ta’tilga chiqishlarini e’tiborga olsak, murabbiy tarkibda katta o‘zgarishlar qilmasa kerak. Katta ehtimol bilan yilning so‘nggi o‘yinini «Barselona» eng kuchli tarkib bilan o‘tkazadi. 

KARDIFF - MANCHESTER YUNAYTED (22 dekabr, 22:30)

Bu o‘yin ham aslida chempionatdagi kuchlar muvozanatatiga ta’sir qilmaydi, ammo butun futbol jamoatchiligi tomonidan intiqlik bilan kutilayotgani tabiiy. «Qizil iblislar» ustozi Joze Mourino iste’foga chiqarildi va uning o‘rniga mavsum oxirigacha Ole Gunnar Sulsher murabbiylik qiladigan bo‘ldi. «Yunayted»ning «oltin avlodi» vakillaridan biri xuddi 1999 yildagidek, bu safar mavsum o‘rtasida jamoani qutqarish uchun zaxiradan maydonga tushirilmoqda. 

«MYU» yozda jamoani yangi murabbiyga topshirish uchun harakat qilishi shubhasiz, ammo bu degani rahbariyat uchun mavsum butunlay tugadi, degani emas.  Buni biz jamoani Kerrikka topshirib qo‘ya qolish o‘rniga biroz tajribaliroq bo‘lgan Sulsher chaqirilganidan ham bilsa bo‘ladi. Demak norvegiyalik mutaxassis oldida jamoadagi muhitni yaxshilash, yangi qarashlarni olib kirish bilan birgalikda, ma’lum bir natijaga erishish ham talab etiladi. Masalan, APLda kuchli to‘rtlikka yaqinlashishga harakat qilish mumkin.
Bu vazifani bajarishga darhol kirishish uchun Sulsherda imkoniyat yomon emas, ya’ni taqvim «qizillar» uchun u qadar noqulay emas. «Kardiff», «Haddersfild», «Bornmut»ga qarshi o‘yinlarda yangi murabbiy yuz foizlik natija ko‘rsatib, yilni ijobiy notada tugatish imkoniyatiga ega. 

Yana bir qiziq tarafi, Sulsher asosiy tarkibda kimlarni tushirishidir. So‘nggi paytlarda Joze uslubiga mos emaslikda ayblanib, zaxirada qolayotgan bir qator yulduzlar yangi murabbiy qo‘l ostida yangi imkoniyatga ega bo‘lishlari mumkin. Xususan, Pol Pogba murabbiy uchun begona emas, Sulsher Manchesterda yoshlar tarkibini shug‘ullantirib yurganda Pogba ham tarkibda bo‘lgan va ular birgalikda turnir g‘olibi ham bo‘lishgan. 

Yana bir qiziq jihat, «Kardiff» Sulsherning sobiq jamoasi sanaladi. Yosh murabbiyning APLdagi tajribasi aynan Uels klubi bilan bog‘liq. O‘shanda mavsum o‘rtasida Sulsher «Kardiff»ni so‘nggi o‘rindan qutqarish uchun olib kelingan, ammo vazifa uddalanmagandi. 

Uelsliklar mavsumni juda yomon boshlaganliklariga qaramasdan, so‘nggi o‘yinlarda, ayniqsa, o‘z maydonidagi uchrashuvlarda ishonchli harakat qilishni boshladi va xavfli zonani tark etdi. Uyda o‘tkazilgan so‘nggi besh o‘yinning to‘rttasida g‘alaba qozonilgan - bu fakt ham mezbonlarning osonlikcha ochko bermasliklarini ko‘rsatib turibdi. «MYU»ga qarshi o‘yinlarda esa, «Kardiff»ning natijalari havas qilgudek emas - oxirgi g‘alaba 1960 yilda qo‘lga kiritilgan. Shundan keyingi 12 o‘yindan atigi 3tasida durang hisob qayd etilgan. 

Jamoalarning yana bir o‘xshashlik jihati shundaki, «Kardiff» va «MYU» bu mavsumda hisobda orqada borgan o‘yinlarda 9 ochko olishning uddasidan chiqishgan. Bu APLning bu mavsumida «Arsenal»dan (12) keyingi ko‘rsatkichdir. Ya’ni, bu bahsni bemalol ikki irodali jamoaning kurashi deb atasak bo‘ladi. 

YUVENTUS - ROMA (23 dekabrga o‘tar kechasi, 00:30)

«Yuventus» A Seriyaning «Bavariya»si yoki «PSJ»siga aylanib oldi. Natijalar nuqtai nazaridan bunga ancha bo‘lgan, hatto ichki sovrinlar bo‘yicha yuqorida sanalgan jamoalardan ham muvaffaqiyatliroq. Lekin bu mavsumda o‘yin borasida ham, chempionlik kurashida ham turinliklar mutlaq tengsiz tuyulishmoqda. Nafaqat Italiyada, balki kuchli beshlikni olsak ham, 2018 kalendar yilida chempionatda 35 o‘yindan 30tasida g‘alaba qozonib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham tengsiz bo‘lib turibdi. 

Masalan, bu safargi raqib - «Roma», odatda hech bo‘lmasa, mavsumning ikkinchi yarmigacha «Yuventus»ni ta’qib qila olardi, hozir esa, «Yuventus» ikki barobar ko‘p ochko jamg‘argan va oradagi farq 22 ochkoni tashkil qilmoqda. «Yuventus» 16 o‘yindan atigi 8ta gol o‘tkazdi, «Yuventus» biror marta ham mag‘lubiyatga uchragani yo‘q.

«Roma» esa, aksincha, yuqorida tilga olingan farq osmondan tushib qolgani yo‘q. Chempionlar Ligasi tufayli, ikki frontda jang olib borgan rimliklar A Seriyadagi natijalarni yomonlashtirib yuborishdi. So‘nggi 7 o‘yinda atigi 1 g‘alaba. Bu o‘yinlardan faqat bittasida «Roma»  o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubormadi xolos. 

Ammo gap alohida uchrashuvlar haqida ketsa, agar kimdir Turinni qiyin ahvolga solib qo‘ya oladigan bo‘lsa, «Roma» ham shu ta’rifga munosibdir. Rimliklar «Yuventus»ga qarshi o‘z maydonidagi so‘nggi 3 o‘yinda mag‘lubiyatga uchrashgani yo‘q, umuman, «Olimpiko»dagi oxirgi 8 o‘yindan atigi bittasida mehmonlar g‘alaba qozonishning uddasidan chiqishgan. Turindagi o‘yinlar statistikasi biroz farqli. Oxirgi 7 o‘yinda «Yuventus» g‘alaba qozongan. Oxirgi uch o‘yin 1:0 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘lganiga e’tibor bersak, bu safar ham «Yuventus»ga oson bo‘lmaydi.

Tarkiblardagi jarohatlar borasida, «Yuventus» himoyachilari Barsali va Konselu hali safga qaytishgani yo‘q. Sami Xedira esa, jamoa bilan shug‘ullanishni boshladi. Xuddi shunday yaxshi xabar rimliklar uchun ham bor - Edin Jeko nihoyat bu o‘yinda safga qaytishi mumkin. 

BOSHQA O‘YINLAR
22 dekabr. «ARSENAL» - «Byornli» (17:30), «MILAN» - «Fiorentina» (19:00), «NAPOLI» - SPAL (19:00), «CHELSI» - «Lester» (20:00), «MANCHESTER SITI» - «Kristal Pelas» (20:00), «ATLETIKO» - «Espanol» (20:15), «Kevo» - «INTER» (22:00), «Ayntraxt» - «BAVARIYA» (22:30), «PSJ» - «Nant» (23 dekbarga o‘tar kechasi, 01:00); 
23 dekabr. «Everton» - «TOTTENHEM» (21:00).

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz