Узбек O'zbek
Futzal bizga kerak emasmi? – O‘FA futzalchilar inqirozini yoritmadi
Seshanba, 04 Dekabr
3038

Toshkentda futzal bo‘yicha Osiyo chempionati U20 musobaqasining Markaziy mintaqa saralash bahslari hamyurtlarimiz uchun sharmandali tarzda tugadi.

V guruhida ishtirok etgan O‘zbekiston futzalchilari Qirg‘iziston va Tojikistondan keyin, oxirgi o‘rinni egallab, Osiyo chempionati yo‘llanmasidan quruq qolishdi. Bu haqda mana bu  joyda o‘qib olishingiz mumkin. 

O‘zbekiston U20 futzalchilari Tojikistondan 7ta gol o‘tkazib, Osiyo chempionatiga chiqolmadi

Bu holat O‘FA siyosatidan zada bo‘lgan futzalchilarning atayin ishimi yoki murabbiylarning hisob-kitobdagi no‘noqligimi bilmadik. Bu haqda mana bu joyda yoritganmiz.

O‘zbekiston U20 murabbiylarning oddiy hisob-kitobni bilmagani tufayli, Osiyo chempionatiga chiqolmadi

Ammo qiziq jihati shuki, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yoshlarimizning sharmandali inqirozi haqida o‘z saytida bir og‘iz ham yozmadi. Go‘yo bu voqea bo‘lmagandek. 

O‘FA sayti xabarlar lentasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bunga guvoh bo‘lamiz. 

3 dekabr kuni O‘zbekiston futzalchilarining Tojikistonga qarshi maydonga tushishi haqidagi xabar joylashtirilgan. Bu o‘yinda hamyurtlarimiz 2:7 hisobida mag‘lub bo‘lib, Osiyo chempionati yo‘llanmasidan quruq qolishdi. Ammo, bu haqdagi xabarni topmaysiz.

Lentani kuzatadigan bo‘lsak, unda O‘FA Kubogi g‘oliblarining taqdirlanishi, o‘sha marosimdan fotogalereya, Umid Ahmadjonovning xorijga ish safari, Ektor Kuper bilan matbuot anjumani haqidagi xabarlar bor. 

4 dekabr kuni esa Osiyo chempionati U20 saralashida uchinchi yo‘llanma uchun o‘yin o‘tkazilishi yozilgan: unda Afg‘oniston va Tojikiston bellashadi. Xabarda O‘zbekiston futzalchilarining mag‘lubiyati haqida bir og‘iz ham yo‘q.

Balki, O‘FA bu mag‘lubiyatni e’tiborsiz qoldirish bilan, o‘zbekistonlik muxlislarning kayfiyatini tushirmaslikka, noxush xabarlarni tarqatmaslikka harakat qilgan bo‘lishi mumkin. Balki, so‘nggi 1 yil davomida futzalning hech kimga kerak bo‘lmay qolgani tufayli, bu natijaning ham hech qanday ahamiyati yo‘q deb hisoblayotgan bo‘lishi mumkin, bilmadik.

Ammo, so‘nggi 1 yil ichida O‘FA tomonidan futzalga nisbatan chiqarilgan qarorlar ikkinchi xulosamizda jon bor ekaniga ishontirmoqda.

2018 yil boshida O‘zbekiston futzal assotsiatsiyasi faoliyati to‘xtatildi. Futzal klublari esa Superliga jamoalarining ixtiyoriga o‘tkazildi. Natijada, «Ardus», «Kogon-yog‘», «Maksam Chirchiq» kabi kichik, ammo ancha tajribali futzal klublari yo‘qolib ketdi. Vaholanki, ular baquvvat homiylarga ega jamoalar edi. 

Superliga klublariga esa nafaqat futzal jamoalari, balki ayollar jamoalari ham yuklatildi. Shundan so‘ng, o‘zi shundog‘am moliyaviy taraflama juda qiynalib qolgan klublar, ayollar va futzal jamoalarini nomigagina faoliyat yuritishini ta’minlay boshladilar. Oqibatda futzal chempionatining saviyasi keskin pasaydi. 

Natijalar esa o‘zini uzoq kuttirmadi. Olmaliqning OKMK klubi Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichida barcha o‘yinlarni yutqazib, guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston U20 esa o‘z muxlislari oldida Osiyo chempionati yo‘llanmasidan quruq qoldi.

Qizig‘i shundaki, O‘zbekiston U20 Osiyo chempionati saralash musobaqasida ishtirok etish uchun o‘z vaqtida hujjat topshirolmay (yana bir sharmandalik), qur’adan tushib qolgan edi. Faqatgina OFK saralash o‘yinlarini qabul qiluvchi mamlakatni topmaganidan so‘ng, O‘zbekistonni musobaqaga qo‘shishga majbur bo‘lgan edi.

2016 yilda O‘zbekiston futzalchilari Kolumbiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida ishtirok etib, yaxshi taassurot qoldirishgandi. Ammo, futzalga bo‘lgan munosabat o‘zgarmasa, nafaqat jahon chempionati, balki Osiyo chempionatlari ham biz uchun armonga aylanib qolishi shubhasiz. Bu boradagi ilk qadamlar «tashlanganiga» guvoh bo‘lib turibmiz.

Nurmuhammad Said

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz