Узбек O'zbek
G‘ofur Rahimov: “Biz barcha yo‘nalishlarda olg‘a qadam tashladik, lekin erishilgan natijalarda to‘xtamoqchi emasmiz”
Yakshanba, 04 Noyabr
2157

Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida Xalqaro Boks Assotsiatsiyasi (AIBA)ning 2018 yilgi Kongressi o‘z ishini yakunladi. Unda AIBAʼning rahbar lavozimlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi.

137 nafar delegat ishtirok etgan ovoz berish jarayoni natijalariga ko‘ra, joriy yilning yanvaridan buyon tashkilot prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimida ishlab kelgan o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov AIBA prezidenti etib saylandi. U Osiyo Boks Konfederatsiyasi prezidenti qozog‘istonlik Serik Qo‘naqbayev bilan raqobatda ustun keldi.

KUN.UZ muxbirining Moskvadan turib xabar berishicha, Kongress yakunida AIBAning saylangan prezidenti G‘ofur Rahimov matbuot anjumanida chiqish qilgan.

“Hurmatli xonimlar va janoblar!

Avvalo, AIBAning saylangan prezidenti bo‘lganimdan bag‘oyat faxr tuyg‘usini tuyayotganimni izhor etishga ijozat bergaysizlar. Men AIBAning butun oilasiga bu ajoyib tashkilotni boshqarish uchun menga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirishni istayman. Bu chindanam AIBA uchun ulug‘ kun. Saylovlar shaffof va demokratik ruhda o‘tdi. Men AIBA shtabi va saylov qo‘mitasiga mazkur jarayonni shunday tashkillashtirishdagi sa’y-harakatlari uchun tashakkur bildiraman. Meni shuningdek barcha saylangan vitse-prezidentlar va ijroiya qo‘mita a’zolarini tabriklayman. Endi bizda kelgusi to‘rt yilda shijoat bilan ishlashga tayyor kuchli jamoa bor. Bugun butun boks ijobiy zaryad oldi va bu bizning sport turimizni butun dunyo bo‘ylab ravnaq topishida qo‘l keladi. Bu biz uchun juda muhim, chunki biz turli frontlardagi tahdidlar va bosimlar bilan kurashishga majbur bo‘lmoqdamiz.

Lekin bugundan boshlab bizning o‘zimizga ishonchimiz juda ortdi va sport turimizni o‘ziga munosib o‘rniga qaytarish uchun qat’iyatlimiz. Men oldinroq diqqatimizni jalb qilishimiz lozim bo‘gan asosiy masalalar borligiga urg‘u berdim. Biz AIBAni yanada shaffof qildik. Ayniqsa uning ustavidagi boshqaruv masalalarida, dopingga qarshi siyosatida va moliyaviy masalalarda. Men ishontirib aytishim mumkinki, biz barcha yo‘nalishlarda olg‘a qadam tashlab bo‘ldik. Lekin erishilgan natijalarda aslo to‘xtamoqchi emasmiz. Biz yanada ko‘prog‘iga erishmoqchimiz, namunali tashkilot bo‘lmoqchimiz va bu tezroq sodir bo‘lishi uchun barcha narsa ustida ish olib bormoqdamiz.

Agar biz boksning olimpiya o‘yinlaridagi kelajagi haqida gaplashmoqchi bo‘lsak, men olimpiya harakatidagi do‘stlarimga xitob qilmoqchiman: Barchasini eshitib turibmiz, biz o‘rganamiz va ishlaymiz. Bizdan so‘ralgan narsalarning barchasini ortig‘i bilan bajardik. Bu bizning olimpiya harakatiga sodiqligimizni ko‘rsatadi. Shu sababli jahonning barcha bokschilari nomidan sodiqlik namunasi sifatida biz olimpiya harakati ramzi bo‘lgan zaytun novdasini uzatamiz. Tashakkur”, — degan G‘ofur Rahimov o‘z chiqishida.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz