Узбек O'zbek
Angliyada siyosatning sportga ta’siri haddan ortiq darajada - Alisher Usmonov
Seshanba, 02 Oktabr
5771

Milliarder Alisher Usmonovning fikricha, Angliyada sport «haddan ortiq darajada siyosat bilan bog‘lab yuborilgan». «Rossiya 1» kanalining o‘ziga bag‘ishlangan intervyu-ko‘rsatuvida ishtirok etgan o‘zbekistonlik biznesmen shu haqida fikr yuritar ekan, jumladan, «Everton» klubini sotib olishi mumkinligi borasidagi xabarlarga ham izoh berib o‘tdi.

«Everton» hali o‘ziga munosib darajaga chiqa olganicha yo‘q. Bu klubning aksioneri bo‘lishni istaymanmi? Bilmasam, balki shunday ham bo‘lar. Bu yerda hisobga olinishi kerak bo‘lgan ko‘plab omillar bor. Bugungi vaziyatni ham e’tiborga olish lozim. Buyuk Britaniyada sport haddan ortiq darajada siyosat bilan bog‘lab yuborilgan. Bu sohada bosim katta, umuman biznesda ham shunday. Shu boisdan ham [«Everton» aksioneri bo‘lishim] hali noma’lum», - deb aytgan Alisher Usmonov.

«Men 10 yil davomida «Arsenal» hissadori bo‘lib keldim, shuning hisobiga hozir futbol klubi qanday bo‘lishi kerakligidan yaxshigina xabardorman. Qayerda mening konsepsiyalarimni qo‘llab-quvvatlashsa, o‘sha yerga boraman. Bu ingliz klublari ham, [umuman] Yevropa jamoalari ham bo‘lishi mumkin», - deya ta’kidlagan biznesmen.

Jurnalistning klub aksioneri bo‘lishni rejalashtirmayapsizmi, degan savoliga 65 yoshli tadbirkor quyidagicha javob bergan: «Bilasizmi, agar bu haqda aytadigan bo‘lsam, sotishni istaydiganlar ko‘proq pul so‘rashadi. Muzokaralar o‘tkazmayapman. Hozircha faqat takliflar qabul qilyapman».

Ma’lumot o‘rnida, «Everton»ning 68 foiz aksiyalariga Usmonovning do‘sti Farhod Moshiri egalik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida Alisher Usmonov «Arsenal» klubidagi o‘ziga tegishli 30 foiz aksiyani 550 million funt (713 million dollar)ga sotib yuborgan edi. 

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz