Узбек O'zbek
Usmonov «Everton»ga ko‘z tikmoqdami?
Dushanba, 27 Avgust
4471

Avgust boshlarida Alisher Usmonov Londonning «Arsenal» klubining o‘ziga tegishli aksiyalar paketini (30%) klubning asosiy aksiyadori Sten Kronkega naqd 550 mln funt sterlingga sotishga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi. Bir haftadan so‘ng Bloomberg’ga bergan intervyusida rossiyalik milliarder futbol bilan xayrlashmoqchi emasligini va boshqa jamoalarga investitsiya kiritish  masalasini ko‘rib chiqayotganligini bildirdi.

Usmonov jurnalistlarga bir nechta, xususan, Myunxenning «Bavariya», Italiyaning «Milan» va «Roma» klublari muxlisi ekanligini ma’lum qildi. Agarda foydali taklif bo‘lsa, milliarder «bu kelishuvni ko‘rib chiqishga tayyor».

Ammo yuqorida nomlari aytilgan klublar istiqbolli emas. Nemis futbolidagi qoidaga ko‘ra, aksiyalarning nazorat paketi (50+1) klubda qolishi kerak, shu sababli hech qanday pul evaziga klubning yagona xo‘jayini bo‘lishning imkoni yo‘q. Cheklovni aylanib o‘tish yo‘llari ham bor, ammo buni aksiyadorlari Adidas, Audi va Allianz SE (8,33%dan) bo‘lgan «Bavariya» bilan amalga oshirib bo‘lmaydi.

«Milan» yaqindagina Elliott Management Corp investitsion guruhi boshqaruviga o‘tdi va moliyaviy holatini yaxshilamaguncha sotilmaydi. «Roma» yetti yildirki amerikalik milliarder Jeyms Palottega tegishli bo‘lib, keskin marketingni amalga oshirmoqda va 2020 yilda yangi stadionga ko‘chib o‘tmoqchi.

Usmonov uchun Liverpulning 140 yillik tarixga ega «Everton» jamoasi qiziqarliroq ko‘rinmoqda.

Hozirda klubning asosiy egasi Usmonovning qadrdon do‘sti va biznes hamkori Farhod Moshiri hisoblanadi. Ular 1990-yillar boshlarida tanishishgan, 2007 yilda esa birgalikda «Arsenal» aksiyalarini sotib olishgan. Usmonov 2016 yilda Moshirining «Arsenal»dagi ulushini, Moshiri esa «Everton»ning 49,9% aksiyasini sotib olgan. Ayrim manbalarning ta’kidlashicha, Moshiri 2018 yilda «Everton» direktorlaridan biri Jon Vudsning ulushini sotib olib (8,9%) klubning asosiy xo‘jayiniga aylanishi mumkin. U holda Moshiri klub ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritadi va uni eski sherigi bilan bo‘lishishni rad etmaydi.

Usmonov 2017 yil boshidayoq Moshirining loyihasiga qiziqish bildirgandi: USM kompaniyasi yiliga 6 mln funt sterling evaziga «Everton»ning Finch Farm mashg‘ulot bazasi homiysiga aylangan. Yaqinda bergan intervyusida esa milliarder klubga yanada kattaroq investitsiya kiritish «ehtimoli borligini» va agarda Moshirini qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘lsa «unga yordam berishdan xursand bo‘lishini» aytdi. Usmonovdagi imkoniyatlar bilan premer-liganing o‘rtacha jamoasini yuqori darajadagi jamoaga aylantirish ehtimoli keskin oshadi.  

Sportdagi muvaffaqiyatlar nuqtai nazaridan olib qaraganda jamoaning natijalari maqtangulik emas. «Everton»ning 2017 yilda yangi o‘yinchilar uchun 142,4 mln funt sterling sarflashi (ikki «Manchester» va «Chelsi»gina undan ko‘proq pul sarflagan) hech narsa bermadi: jamoa chempionatda 8-o‘rinni egalladi va hattoki Yevropa Ligasiga ham ilasha olmadi. Bu yil transfer xarajatlari kamtarona bo‘ldi (£99,8 mln), biroq «Everton» «Arsenal», «Siti» va «Yunayted»dan ko‘ra ko‘proq xarajat qildi.

Ammo-lekin biznes ko‘rsatkichlarida o‘sish ko‘zga tashlanmoqda. «Everton» 2018 yilda Deloitte top-20 reytingiga qaytdi: klubning 2016/17 mavsumdagi daromadi 171,2 mln funt sterlingni tashkil etdi va bu avvalgi mavsumga nisbatan 50 mln funtga ko‘pdir. Bu asosan Angliya premer-ligasining yangi televizion shartnomasi bilan bog‘liq: «Everton» 2016/17 yilgi chempionatda 7-o‘rinni egalladi va 130,5 mln funt oldi. Tijorat daromadlari 31% ga oshdi. 2017/18 yilgi mavsumda jamoaning «libos» homiysi o‘zgardi. Futbolkadagi logotip uchun yiliga 5,3 mln funt to‘lagan Tailandning Gang pivosi o‘rnini yiliga 9,6 mln funt sterling to‘lagan Keniyaning SportPesa bukmekerlik kontorasi egalladi. Bundan tashqari, klub «yeng» homiysini ham topdi. Kompyuter o‘yinlari ishlab chiqaruvchi Rovio Entertainment Corporation klub hamkoriga aylandi.

Yangi stadion klub daromadi o‘sishida muhim omil bo‘ladi. 40 ming o‘rinli eski «Gudison Park» stadioni deyarli 100%ga to‘ladi (klub 32 000ta abonement sotadi), ammo yiliga kamtarona 14,5 mln funt daromad keltiradi (2016/17 yilgi mavsum ma’lumoti). 50–55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yangi stadion esa  yanada ko‘proq foyda keltiradi. Liverpul shahar kengashi «Everton»uchun Bremli-Mur-dok tumanida yangi stadion qurilishini ma’qulladi va klubga 280 mln funt sterling kredit ajratishga tayyor. Arxitektor Den Meysning loyihasi 450-500 mln funt deb baholanmoqda. «Everton» yangi stadionga 2022/23 yilgi mavsumda ko‘chib o‘tishni rejalashtirgan, ammo Usmonovning ehtimoliy investitsiyalari bu jarayonni tezlashtirishi mumkin.  

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz