Узбек O'zbek
«Lion» pleymeykerining «Chelsi»ga o‘tishi tobora oydinlashmoqda
Chorshanba, 08 Avgust
5736

«Lion» bosh murabbiyi Bruno Jenezio jamoaning hujumkor yarimhimoyachisi Nabil Fekir shu yozda sotib yuborilishi ehtimoli borligini tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, fransuz matbuotida Fekirga «Chelsi» qiziqayotgani haqida ma’lumot tarqalgan. Yozning boshida ushbu futbolchi «Liverpul»ga o‘tishi kutilgan, biroq bu amalga oshmagan edi.

«Ko‘klar» bilan bo‘lgan kechagi o‘rtoqlik ўйинидан keyin Jenezio Fransiya termasi a’zosining jamoada qolishiga kafolat bera olmasligini ma’lum qildi. 25 yoshli futbolchining  transferi 60 million funtga baholanmoqda.

«Nima bo‘lishi haqida gapirishga hali juda erta. U mavsum oxirida ketishni istagandi, biroq kecha jamoa mashg‘ulotlariga mamnuniyat bilan qaytib keldi.

Kim biladi? Ehtimol, transferlar oynasi tushirilgunga qadar qandaydir imkoniyatlar paydo bo‘lar. Hozircha esa u «Lion» o‘yinchisi», - degan murabbiydan iqtibos keltirib o‘tdi Daily Express.

Sky Sports tarqatgan xabarga ko‘ra, kechagi o‘yindan keyin Fekir «Lion» qarorgohini tark etib, Londonga yo‘l olgan. JCH-2018 g‘olibi «Chelsi» bilan shartnomasining so‘nggi detallarini hal qilib olishi kutilmoqda.

Goal nashri bergan ma’lumotga qaraganda, Mauritsio Sarrining shogirdlari – Eden Azar va Olive Jiru Fekirni Londonga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirmoqchi bo‘lishgan.

«Fransiya terma jamoasida birga ekanimizda u bilan gaplashgandim. «Liverpul»ga transferi amalga oshmagach, «Chelsi» varianti haqida qanday fikrda ekanligini so‘radim. U bilan Eden ham gaplashgandi.

U – ajoyib o‘yinchi. Agar safimizga qo‘shilsa, bundan faqat xursand bo‘lamiz. Oxirgi xabarlarda qanchalik haqiqat borligini bilmayman, tez orada barchasi oydinlashadi. Transferlar oynasi payshanba kuni yopiladi», - degan Jiru.

Nabil «Lion»ning o‘tgan mavsumdagi 40 o‘yinida maydonga tushib, 23+8 mahsuldorlik ko‘rsatkichiga erishgan.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz