Узбек O'zbek
Messining golini o‘g‘irlashdi. Ispaniyada navbatdagi hakamlik mojarosi
Dushanba, 27 Noyabr
8003

Ispaniya chempionatining 13-turida, nafaqat turning, balki mavsumning muhim o‘yinlaridan biri bo‘lgan «Valensiya» va «Barselona» uchrashuvida g‘olib aniqlanmadi. Hakam kataloniyaliklar jamoasining toza golini hisobga olmadi va uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.

«Valensiya» – «Barselona» – 1:1 (0:0)
Gollar: Rodrigo, 60 (1:0). Jordi Alba, 82 (1:1).
«Valensiya»: Netu, Montoyya, Gabriel Paulista, Garay (Vezu, 86), Xose Gayya, Soler (Mina, 89), Parexo, Kondogbya, Gonsalu Gedesh, Rodrigo (Pereyra, 82), Dzadza.
«Barselona»: ter Shtegen, Semedu (Aleysh Vidal, 80), Fermalen, Yumtiti, Jordi Alba, Rakitich (Deulofeu, 68), Buskets, Inesta (D..Suares, 72), Messi, L.Suares, Paulinyu.
Ogohlantirishlar: Kondogbiya, 32. Gabriel Paulista, 44. Rodrigo, 74. Pereyra, 89.
Hakam: Iglesias Vilyanueva.
26 noyabr. Valensiya. Mestalla stadioni.

«Valensiya» bosh murabbiyisiz harakatlangan bo‘lsada, mavsumdagi mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirdi va turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan katalonlardan ochko tortib oldi. Aslida kim kimdan nima tortib oldi, quyida ko‘rib chiqamiz.

Tomonlarning yo‘qotishlari

O‘tgan turda «Real» va «Atletiko» o‘zaro o‘yinda ochko yo‘qotishidan keyin «Valensiya» «Barselona» uchun asosiy raqobatchiga aylangandi. O‘zaro o‘yinda kataloniyaliklar g‘alaba qozonish orqali bu raqibni ham ortda qoldirib ketishi (7 ochko) mumkin bo‘lardi.

Mavsumda qatorasiga 8 o‘yinda g‘alaba qozonib kelgan «ko‘rshapalaklar» bu turda to‘qqizinchi g‘alabaga ham ishtiyoq ko‘rsatishdi. Bu jamoa hujumchisi Simone Dzadza ham Messidan keyin (13) ichki chempionatda ikkinchi to‘purar bo‘lib turibdi (9). Uning hujumdagi sherigi Rodrigo 8 gol va 7 golli pas muallifi sifatida Yevropadagi eng sermahsul futbolchi. U biroz oldinroq «Mestalya»da 2022 yilgacha qolishga rozi bo‘lgan va yangi shartnomaga imzo chekkandi.

Bu uchrashuvdan oldin «Valensiya»ning yagona yo‘qotishi - murabbiy Marselino bo‘ldi. U o‘tgan turda «Espanol»ga qarshi o‘yinda hakam bilan tortishgani uchun maydondan chetlatilgan va diskvalifikatsiya qilingandi. U bilan birga o‘g‘li Serxio Garsiya ham chetlatilgan, hakam Ernandes Ernandes protokolda u o‘ziga so‘kingani haqida yozgandi.

Shu tariqa, «Barselona»ga qarshi muhim uchrashuvda valensiyaliklar murabbiylarsiz harakat qilishga majbur bo‘lishgandi. Marselino o‘zining asosiy maqsadiga erisha olmay qoldi. U murabbiylik faoliyati davomida «Barselona»ga qarshi turli jamoalar bilan 14 uchrashuv o‘tkazgan va biron marta ham g‘alaba qozona olmagan (3 durang, 11 mag‘lubiyat).

Kataloniyaliklar ham «Mestalya»ga ayrim yo‘qotishlar bilan yetib kelishdi. Jerar Pike avvalgi turda, «Leganes»ga qarshi o‘yinda beshinchi sariq kartochkani olgandi va bu o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yubordi. Maskerano ham jarohatdaligi tufayli bu o‘yinda markazni ishonib topshirish uchun ikki variant bor edi - Tomas Fermalen yoki, yoshlar jamoasidan chaqirilgan David Kostas. Yakunda Ernesto Valverde tajribaga ishonch bildirdi va belgiyalik futbolchi maydonda harakat qildi.

«Yangilangan Messi»

Bir hafta muqaddam kataloniyaliklar Turinda «Yuventus» bilan 0:0 hisobidagi durang natijani qayd etib, guruhdan chiqish masalasini hal etishgandi. Bu o‘yinda Messini zaxirada qoldirgan Valverde «Mestalya»dagi o‘yinning ahamiyati yuqoriroq ekaniga ishora qilgandi. Juma kuni argentinalik futbolchi to‘rtinchi marta «Oltin butsa» bilan taqdirlandi - unga o‘tgan mavsum to‘purarligi uchun ushbu sovrin topshirildi. Shanba kuni esa u nihoyat «Barselona» bilan amaldagi shartnomani (muddati 2018 yil yoziga qadar) 2021 yilgacha uzaytirdi, badal puli sifatida 700 million yevro belgilandi. Shu tariqa, Messi yakshanba kungi o‘yinga to‘la «yangilangan» holda tushib keldi. O‘yin ham oltin uchun o‘yin maqomida edi.

«Ko‘rinmas gol»

Messi ushbu o‘yindagi asosiy shaxs bo‘lishi mumkin edi, ammo undan bu maqomni o‘yin bosh hakami Ignasio Iglesias Vilyanueva tortib oldi. Odatda bunday muhim o‘yinlardan keyin hakamlik masalasi ko‘p muhokama qilinadi, ammo Vilyanuevaning qarorini oqlaydigan tomonning o‘zi yo‘q. Kataloniya Messining hisobga olinmagan golini hali ko‘p eslab yurishi aniq. Argentinalik futbolchining bergan zarbasini mezbonlar darvozaboni Netu qo‘lidan chiqarib yuborgan va to‘p darvoza chizig‘ini to‘la kesib o‘tgandi, teletakrorlar buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Gol bo‘lganini ham, maydondagi futbolchilar ham, stadiondagi muxlislar ham, teletomoshabinlar ham ko‘rishdi, ammo Vilyanueva va uning yordamchisi emas.

Mehmonlar bu vaziyatda g‘azabga minishdi, ammo buni taqdir hazili deb qarash ham mumkin. O‘tgan turlardan birida «Barselona» «Malaga»ga qarshi o‘yinda to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketganidan keyin ham o‘yinni davom ettirib gol urgan va hakam buni payqamagandi. Din to‘pni chiziq tashqarisidan olib kirgan va Deulofeuni golli pas bilan ta’minlagan, bu gol g‘alabani ta’minlagandi. Bu ikki tarix shuni ko‘rsatadiki, La Ligada hakamlik borasida islohotlar amalga oshirilishi kerak. Butun dunyo videotakrorlarni qo‘llayotgan vaqda ispanlar haqiqatga yuz burishmoqda.

Omadli Rodrigo

Vilyanuevaning o‘yindagi yana bir harakati bahslarga sabab bo‘ldi. O‘yinning 60-daqiqasida maydonga chiqqan Gayya shu zahoti qanot bo‘ylab yugurdi va to‘pni jarima maydoniga uzatdi. Ter Shtegen to‘pga yeta olmadi va uning ortida turgan Rodrigo osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi. Ispaniyalik futbolchi golni nishonlash uchun maydon chetiga yugurdi va boshiga apelsinrang parik taqdi. Bunday harakat uchun hakam albatta sariq kartochka ko‘rsatishi kerak edi, Vilyanueva voqea joyiga kartochkasini qo‘lida ko‘tarib keldi, lekin uni baland ko‘tarmadi hamda Rodrigo jazolanmasdan qoldi. Rodrigo baribir o‘yinda sariq kartochka oldi, 74-daqiqada u Busketsga qarshi qo‘pollik uchun ogohlantirildi. Agar u golni nishonlash vaqtidagi harakatlari uchun ham ogohlantirilganida, foldan keyin qizil olishi mumkin bo‘lardi.

O‘zingnikilar orasida begona

«Barsa» baribir mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Bu safar Messi o‘zining zargarona pasi bilan raqib jarima maydonida turgan Albaning oyoqlarini topdi. «Valensiya» uchun «Mestalya»da ko‘plab gollar urgan bu futbolchi bu safar mezbon muxlislarni ranjitdi. U kataloniyaliklarning boshqa bir tarbiyalanuvchisi, ayni vaqtda «Valensiya» sharafini himoya qilayotgan Montoyyani dog‘da qoldirib, darvozani ishg‘ol etdi - 1:1.

Agar bu o‘yinda kataloniyaliklar hujum chizig‘ida Luis Suares yaxshiroq harakat qilganida g‘alabaga ham erishilishi mumkin edi, ammo urugvaylik hujumchi har safar ofsayd holatiga chiqib ketaverdi va hujumlar to‘xtab qolaverdi. 624 kundan beri ilk o‘yinini o‘tkazgan Fermalen esa yaxshi taassurot qoldirdi. Mezbonlar safida Gonsalo Gedesh o‘zidan kutilgan yorqin o‘yinni namoyish eta olmadi, ammo o‘yindan keyin ma’lum bo‘ldiki, u maydonga o‘ng oyog‘idagi barmoqlari jarohati bilan tushgandi.

Marselino yana «Barselona»ni yenga olmadi, «Valensiya»ning qatorasiga g‘alabalar bo‘yicha rekordi yangilanmay qoldi (8 o‘yin), Ispaniyadagi futbol hakamlari tizimi yana bir o‘rtaga chiqdi va ligada yangi texnologiyalarni kiritish bo‘yicha takliflar jonlandi.

O‘yindan keyin valensiyaliklar futbolchilari va murabbiylari ham haqqoniy gol hisobga olinmaganini tan olishdi.

Epizod o‘yin natijasidan ko‘ra ko‘proq muhokama qilinmoqda, ispaniyalik sobiq arbitr Iturralde Gonsales kasbdoshining xatosini tan olgan holda, vaziyat uchun chempionat rahbariyatini aybladi: «Bu ochiq ko‘rinib turgan gol, ammo ayb hakamda emas, La Ligada. Rahbariyat hali ham golni qayd etish tizimi uchun mablag‘ ajratmayapti. Tag‘in bu ligani dunyoning eng kuchli ligasi deb atash kerakmi…».

Ma’lumot uchun, golni avtomatik qayd etish tizimi Italiya, Fransiya, Germaniya va Angliya chempionatlaridagi muhim uchrashuvlarda qo‘llanib bo‘lingan.

O‘yinni ikki tomon ham yaxshi o‘tkazdi, ammo bu o‘yinni chempionlik o‘yini deb atash qiyin. Hakamlar xatolari bo‘lmaganida ham.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz