Узбек O'zbek
Dunyodagi eng yaxshi/yomon kasb
Seshanba, 12 Sentabr
6997

Taniqli basketbolchi Maykl Jordan biroz tanaffusdan so‘ng basketbolga qaytganida, AQSH prezidenti Barak Obama mamlakatdagi ishsizlik haqida so‘z yuritayotib, «mana, shu kunlarda ishsizlik bittaga kamaydi» deb hazillashgandi.

Ayni damda, yangi ish o‘rinlari yaratish muhim strategik vazifamiz bo‘lib turgan paytda, bizda ham juda ahamiyatli bir ish o‘rni bo‘sh turibdi. O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyligi.  Bu qanday kasb? Dunyodagi eng yaxshi kasb deb e’tirof etilishga loyiqmi? Yoki aksinchami? Bu haqida yana eslash payti keldi, shekilli. 

OBRO‘-E’TIBOR
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi o‘zbek futbol olamidagi eng mashhur shaxsga aylanishi aniq. Sababi, milliy birinchilik o‘yinlariga qiziqish u darajada katta emas. Mourino yoki Gvardiolaning kelishi Sautgeyt shaxsiyatini gazetaning so‘nggi burchagiga uloqtirib tashlar, Madridning imijiga mos kelmagan murabbiy uzoq yil Ispaniya terma jamoasini boshqarib yurar, lekin bizda unday emas. Bir necha o‘n ming muxlisga ega bo‘lgan klubning o‘zi yo‘q, buni oliy liga o‘yinlariga tashrif buyurayotgan muxlislar sonidan bilib olish mumkin.

Faqat terma jamoa o‘yinigina o‘z atrofida ajiotaj qila oladi, chiptalar narxi bir necha minimal ish haqi summasigacha ko‘tarila oladi. Faqat terma jamoa o‘yinida. Faqat terma jamoaga O‘zbekistonda millionlar muxlislik qiladi, g‘alaba kutadi. Demak terma jamoa murabbiyi bo‘ldingizmi, o‘z-o‘zidan o‘zbek futbolidagi eng taniqli, eng e’tiborli, eng ko‘p muhokama qilinadigan shaxsiyatga aylanasiz. Qiziqroq bir gap aytib qo‘ysangiz-ku, qo‘yaverasiz, uzoq vaqtlargacha iqtiboslaringiz futbol olamida o‘ziga xos joy egallaydiki, Nitsshedan tortib, Hojiboy Tojiboyevlar ham havas qilgan bo‘lardilar. «Bollarda ayb yo‘q» yoki «Borimiz shu»ni eslang. 

Inileyev bu holatdan iymanardi, Abramov kayf qilardi, Qosimov o‘rganib qolgandi, Babayan qochib ketib qo‘ya qolardi. Xullas, futbolga obro‘ e’tibor  topaman deb qadam qo‘ygan bo‘lsangiz-u, siz Ravshan Ermatov bo‘lmasangiz, milliy terma jamoa bosh murabbiyligidan boshqa kasb yo‘q.  

BOSIM
O‘z-o‘zidan mamlakatning eng asosiy jamoasini boshqaryapsizmi, demak, shunga yarasha bosimga duch kelasiz. Tabiiyki, asosiy jamoadan muxlislar qandaydir natija va o‘yin kutadilar. Terma jamoa o‘yinlari milliy futbolda barcha muxlislarning e’tiborini jalb qiladigan yagona voqeami, demak, bu o‘yinlar shunga yarasha chiroyli bo‘lishi, ko‘ngildagi natijalar qayd etilishi kerak. 

Masalan, terma jamoaga Osiyo chempionati finali yoki jahon chempionatiga chiqish vazifasi qo‘yiladi. Agar bu ish amalga oshmasa, iste’foga yoki muxlislarning g‘azabiga tayyor turishingiz shart. Yaponiya yoki Koreyadan mag‘lubiyatlar-ku, kechirilar, ammo Bahrayn, Iordaniya yoki Qatar kabi davlatlardan yutqazib qo‘ysangiz, tamomsiz. O‘zbek muxlislari bunday terma jamoalardan kuchli ekanimizni biladi va buning aksiga ishontirishdan ko‘ra, ularni yutish osonroq, ishonavering.

«Bunyodkor» yoki «Paxtakor» navbati bilan kuchli va kuchsiz mavsumlar o‘tkazishi mumkin, ammo yuqorida aytganimdek, jurnalistlarning nigohida terma jamoa asosiy planda turadi. Ronaldu, Messi yoki Mourinoning chiroyli rasmlarini gazetaning birinchi sahifasiga qo‘yib yurgan nashrlar ham, terma jamoa o‘ynaganda milliy futbolni eslab qoladilar va tabiiy ravishda, asosiy e’tibor Sizga qaratiladi. Ayniqsa mag‘lubiyatga uchrasangiz.

BOSIMNING YO‘QLIGI
Boshqa tarafdan esa, qulog‘ingiz rosa tinch. Yevropa chempionati tugab, ko‘pgina davlatlarda g‘alvir suvdan ko‘tarilayotgani va murabbiylar faoliyati tahlil qilinayotganidan xabaringiz bor, to‘g‘rimi? Turnir davomida ham xuddi shunday bo‘ldi, mutaxassislar, sobiq futbolchilar, murabbiylar o‘z milliy terma jamoa o‘yinini tahlil qildilar, kerak bo‘lsa, bosh murabbiyning xatolarini ko‘rsatib berdilar.

Bu tomondan sizning qulog‘ingiz tinch. Hech qaysi sobiq futbolchi, murabbiy, umuman futbolga yaqin bo‘lgan biror mutaxassis sizni tanqid qilmaydi. Televizorga chiqqanda ham, hatto mag‘lubiyatga uchrab tursangiz ham, yaqqol xatolar qilsangiz ham, ulardan yomon gap eshitmaysiz. Rostanam xatoingizni ko‘rishmaydimi yo arzimagan bir ko‘rsatuv uchun siz bilan «san-man«ga borishni istaymaydimi yoki sizni tanqid qilish — sizni shu yerga tayinlagan O‘FF ni tanqid qilish bilan, O‘FF ni tanqid qilish mamlakat siyosatini tanqid qilish bilan barobar deb o‘ylashadimi, ishqilib, och qornim-tinch qulog‘im, maqolini afzal ko‘rishadi.

Mutaxassislar tahlili va tanqididan uzoq bo‘lsangiz, mazza, har qanday yomon o‘yinni aslida yaxshi ekanini matbuot anjumanida isbotlasangiz bo‘ladi, har qanday yomon o‘yinchini terma jamoaga jalb qilishingiz mumkin, hech kim o‘sha o‘yinchining klublardagi o‘yinlarini yetarlicha tahlil qilib, arzimasligini isbotlab bera olmaydi.

Turnir tugab, vazifani uddalay olmasangiz ham, sizni nari borsa, saytlarda yoki ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar tanqid qilishi mumkin, xolos. Mutaxassislar jim turgandan keyin, futbolni tushunmaydigan muxlislarning tanqidi bir pul bo‘ladi-da, nima dedingiz? Ba’zi g‘alamis jurnalistlar ham tanqid qilishi mumkin, ammo shu bilan birga, bu aniq, sizning tarafingizni oladigan, aslida ayb siz emasligini, aslida futbolimiz tizimi, bolalar futbolining chirib ketganligi, milliy chempionatimizda raqobat yo‘qligi, sizning o‘rningizga Pep Gvardiola kelsa ham, bundan ortiq natija bo‘lmasligini isbotlab, chizib, bo‘yab, yasab, ko‘rsatib bera oladilar. Bunaqa talato‘pda, albatta, falonchi qolib falonchini tarkibga olganingiz-u, aniq bir o‘yinda aniq bir xatolarni qilganingiz sezilmay ham ketadi. Ishlayverasiz.

ODOBLI BO‘LISH KERAK

Hammaning e’tibori Sizda bo‘lgani uchun, terma jamoa murabbiyi imijini saqlay olishingiz kerak. Bir paytlar Glen Hoddl o‘ylamay gapirib yuborgan gapi uchun ishdan bo‘shatilgandi. Bizda u darajada bo‘lmasa ham, sal oshirib yuborsangiz muhokamaga qolib ketasiz.

Bir paytlar Abramov «futbolchi xotinmidiki, istagan paytda almashtirvosam« deganiga, bir guruh jurnalistlar «uvv, sen xotinlarni pastga uryapsanmi» deb chiqishgandi. Bir kuni Qosimov shogirdini ekranda so‘kib yuborgandi, esingizdadir. Zo‘rg‘a tinchitgandik. «Hoy, bu so‘z toshkentliklar uchun oddiy murojaatda ishlatiladigan so‘z, xafa bo‘lishmaydi» desak ham muxlislar rozi bo‘lmagan-ye. Axiyri, «O‘tgan kunlar»ni olib kelib, «mana, Otabek ham Zaynabga shunaqa degan, kitobiy gap bu» deyilgandan keyin sal to‘xtagandi gaplar. Xullas terma jamoaga murabbiy bo‘ldingizmi, shunga yarasha imijni saqlashingiz kerak bo‘ladi.

KO‘P OYLIK/KAM OYLIK
Ochig‘i, sizga qancha oylik va’da qilishlarini bilmayman. Bir paytlar bosh murabbiymizning ellik million so‘m oylik olishi haqidagi gaplar tarqalgan, ammo asossiz edi. O‘n ming dollar olarkan, deb ham eshitganmiz. Balki mubolag‘adir. Ammo ishontirib aytamanki, bir o‘qituvchidan, vrachdan yoki ma’muriy xodimdan ko‘proq oylik olishingiz aniq.

Bir yilda nari borsa, 7-8 marta yig‘in o‘tkaziladi, har birini bir haftadan desak, o‘n ikki oy ichida faqat ikki oy rosmana ish bilan shug‘ullanasiz xolos. Boshqa paytlarda ishlaysizmi yoki yo‘qmi, uyog‘i o‘zingizning vijdoningizga havola. Oylikdan tashqari, futbollarga kirish ham tekin, terma jamoalar o‘yinini kuzatyapman deb, istagan o‘yinni vip lojadan tomosha qilib o‘tirishingiz mumkin. Zo‘r-a, odamlar ish vaqtiga to‘g‘ri kelib qolgani uchun futbolga kira olmay qolsa, siz futbol tomosha qilib o‘tirib, ishlayotgan bo‘lasiz.

Sal oshirib ham yubordim, aslida siz qilayotgan ishingiz dunyoda juda qimmat baholanadi. Masalan, faqatgina Uelsni yutib, kichkinagina Islandiyadan yutqazib qo‘ygan Roy Hojson yiliga uch yarim million funt olgan ekan. Bu degani bir oyda 300 ming funt degani. Hatto oyiga atigi 25 ming funt oladigan Islandiya terma jamoasi murabbiyining maoshi ham sizning plastigingizdagi tasdiqlanmagan ellik millionning oldida juda katta. Ba’zida Sizga alam qilishi tabiiy.

Afsuski, yurtimizda ellikdan ortiq PRO litsenziyasiga ega murabbiy hamkasblaringiz bo‘lsa-da, ularning atigi 20 foizi klublarda ishlab yuribdi xolos. Qolganlari bekorchi va eng yomoni ularga chetdan talab yo‘q. Shuning uchun ham klublarda dadil yangiliklarni, taktik inqiloblarni ko‘rmaymiz, mabodo natija yomonlashib ketsa, ishdan ketib qolishlaridan qo‘rqadilar. Professional klublarimiz professional murabbiylardan ko‘ra ancha kam, raqobat dahshat.

Sizga esa mazza, kam oylik bo‘lsayam, shu ishingizni yo‘qotmaslikka harakat qilsangiz, O‘zbekistondagi eng yaxshi murabbiylik kursisi sizniki bo‘lib qolaveradi.   

CHET ELLIK RAQOBATCHI
Sizga faqat bir kishi raqobat qilishi mumkin. Aniqrog‘i, kimligi aniqmas. Chet ellik murabbiy degan raqobatchingiz bor. Har safar natijalar yomonlashib ketganda, futbol jamoatchiligida chet ellik murabbiyni talab qilish boshlanib ketadi. Albatta, Anchelotti yoki Fergyuson kelmasligi aniq, ammo sal bundayroq serbmi, ispanmi bo‘lsa, «yotvolib yalagani» bo‘laveradi.

Aslida kimligini bilmay turib ham, chet ellik murabbiyni talab qilishlarida xikmat bor. Jurnalistlar o‘ylashadiki, chet ellik murabbiy kelsa terma jamoaga bo‘lgan munosabatni, tayyorgarlik jarayonlarini zamonaviy ko‘rinishga olib kelarkan. Natija uchun javob beradigan murabbiy o‘sha natijaga yarasha sharoit talab qilar ekan. Natijaga javobgarlikni bo‘yniga olib, sharoit talab qiladigan murabbiydan ko‘ra, javobgarlikni ham olmaydigan, sharoitga ham ko‘nadigan murabbiy yaxshiroq-da, tepadagilargayam. Bu futbol, to‘p yumaloq, shu holatda ham kimnidir yutib qo‘yish mumkin-da, o‘xshab qolsa, zo‘r bo‘ladi. Demak hozircha, Sizga xavf yo‘q.

AJOYIB TARKIB
Ixtiyoringizda ajoyib futbolchilar bo‘ladi. Terma jamoaning tajribali qismiga qarang — deyarli bir vaqtda ulg‘aygan, anchadan beri birgalikda o‘ynab, bir qancha saralashlarni bosib o‘tgan Osiyodagi eng tajribali tarkibga egasiz. Ularga futbol o‘ynashni o‘rgatish ham shart emas, tarkibni to‘g‘ri belgilab, jamoa muhitini yaxshilab tursangiz, qatorasiga g‘alabalar qozonishga ham qodir ular.

Shu bilan birga, umidli yoshlar ham yo‘q emas. Asosiysi, ularning aksariyati turli yoshlardagi jahon chempionatlarida qatnashishgan, ja Pogba bo‘lishmasayam, Pogbaga qarshi o‘yinlarda tajriba orttirishgan. Ularga to‘g‘ri yo‘nalish bersangiz, o‘z yurishlarini davom ettira oladilar. Jahon chempionatlaridagi tajriba ularga dadillik beradi, muhim o‘yinlarda ham xayajonni yengishga yordam beradi.

SAVIYASIZ TARKIB

Agar terma jamoada uzoq vaqt qolishni niyat qilgan bo‘lsangiz, xafa bo‘lsangiz ham aytaman, keyingi yillarda Sizning ishingiz yanada ko‘payadi. Jahon chempionatiga chiqish yoki chiqmaslik o‘z yo‘liga, terma jamoamiz hayotida eng mas’uliyatli davr boshlanyapti. Tajribali futbolchilar birin ketin yoshlari kattalashib, futbolni tark etishni boshlaydilar. Vazifangiz - avlodlar almashinuvini imkon qadr sezdirmasdan o‘tkazib, yoshlarning saviya borasida ham, o‘yin borasida ham, kattalarning o‘rnini bosib olishlarini ta’minlash.

Bu oson bo‘lmaydi. Chunki milliy chempionatimiz saviyasi yildan yilga tushib borayotgandek. Avvallari terma jamoamizda Rossiya, Ukraina, Koreyadan legionerlar to‘p surishgan bo‘lsa, yosh avlod nari borsa Xitoy, Tailand yoki Qatarda to‘p surishyapti. Bu ligalardagi futbolchilarni Bundesliga yoki APL da to‘p suradigan Koreya yoki Avstraliya kabi jamoalarga qarshi qo‘yish qiyin. Hech bo‘lmasa o‘yin bobida, taktika bobida ularga qarshilik qila olish uchun tayyorgarlikka zo‘r berish, aynan terma jamoadagi yig‘inlar orqali futbolchilar saviyasini ma’lum balandlikda ushlab turilishini ta’minlashingiz kerak bo‘ladi.

Konteni qarang. Avvallari klubda faoliyat ko‘rsatgan murabbiy terma jamoaga kelib ham, xuddi klubda ishlayotgandek tinimsiz mehnat qilgani Yevroda namoyon bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida 60 dan ortiq nomzodlarni terma jamoada sinab ko‘rdi, saragini sarakka chiqardi. Natijada «Bolonya», «Sauthempton», «Torino» klublarida yoki «Yuventus»ning zaxirasida o‘tiradigan oddiy futbolchilardan «Barselona» va «Real»dan tuzilgan Ispaniyani yuta oladigan jamoa tuza oldi. Buning barchasi murabbiyning mehnati, sizning vazifangizdir.

TAYYORGARLIK
Bu bo‘lim sizning foydangizgami, zararingizgami aniq ayta olmayman. Bu sizning qay darajada mas’uliyatli ekaningiz va belgilangan vazifangizga qay darajada jiddiy yondoshishingizga bog‘liq. Qarang, har qanday o‘yinda kerakli natijaga erishish uchun shunga yarasha tayyorgarlik talab etiladi, to‘g‘rimi? Kuchliroq raqib yoki muhimroq o‘yinga yaxshiroq tayyorlaniladi, bundayroq holatda tayyorgarlik qilmasdan ham yutish mumkin. Umuman har qanday jamoani tayyorgarliksiz yutsa bo‘ladi, agar o‘xshab qolsa.

Sizga sharoit yaratib berishi kerak bo‘lgan markaz ko‘pincha, o‘xshab qolishidan umid qiladi va ko‘pincha, kuchli raqiblarni ro‘para qilmaydi. Bosniyaning uchinchi tarkibi, «Borussiya»ning yoshlar jamoasi, mahalliy legionerlardan tuzilgan terma jamoa, o‘z terma jamoangizning ikkinchi yarmi oq libos kiyib olgan holatda... Shunga o‘xshash raqiblar bilan o‘ynab, Yaponiya yoki Eronni yutishga harakat qilishingiz kerak. Ba’zida o‘yinlar bekor qilinib ham turadi, o‘sha paytda ham sarosimaga tushmasdan, yuzingizni aqlli ko‘rsatib, hammasi nazorat ostida ekanini ayta olishingiz kerak bo‘ladi. Sizdan oldin bu lavozimda ishlagan hammadan birma-bir so‘rab ko‘rishingiz mumkin, yigirma besh yil ichida ular hech qachon futbolda dunyoning yetakchi davlatlari G‘arbiy Yevropa yoki Lotin Amerikasi terma jamoalariga qarshi o‘ynashmagan. Shunaqa.

Yuqorida aytdimku, bu holat aslida yaxshimi yoki yomonmi, bu o‘zingizga bog‘liq deb. Tushuntiraman shuni. Agar siz terma jamoamizni muxlislarniki deb bilib, muxlislar oldida javobgarlikni his qilgan holda qabul qilib olgan bo‘lsangiz, sizga qiyin. Uyatdan yerga kirib ketasiz. Yomon natijaga javob berishingizga to‘g‘ri keladi. 

Ammo Siz terma jamoani federatsiyaniki deb bilib, ularning ishonchi uchun harakat qilgan bo‘lsangiz, bu kasbingiz uchun ulardan o‘zingizni qarzdor bo‘lsangiz — ayni muddao. Sizga sharoit yaratib, natija so‘raydiganlardan ko‘ra, sharoit yaratmay, natija ham so‘ramaydiganlar yaxshi emasmi? Ha, deyishsa, «o‘zlaring yetarlicha sharoit qibermadinglar, falon jamoa bilan o‘ynaylik, desam gaplashib bera olmadinglar, men nima qilay?» deysiz, javobgarlikdan qutulasiz. Ishlayverasiz. O‘z ayblari uchun sizni bo‘shatib yubormaydilarku, to‘g‘rimi?

XULOSA
Aslida chetdan xulosa berish orqali biror kasbga ijobiy yoki salbiy baho berishning iloji yo‘q. Chunki biz eng muhimini bilmaymiz — o‘sha kasb sohibi o‘z kasbini qay darajada sevadi? Muhimi shu, agar sevgan kasb bilan shug‘ullanilsa, uning qiyinchiliklari ham insonga zavq beradi. Shunday ekan, terma jamoamiz murabbiy bo‘lishning eng muhim talabi — terma jamoa murabbiyligi kasbini sevish va terma jamoaga muxlis bo‘lishdir. Mana shu ikki talab bajarilsa, murabbiy o‘z ishidan zavq oladi, vijdon ham pok bo‘ladi, natijalar ham bo‘ladi. Ishonavering, agar terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqsa, federatsiya binosi oldida bosh murabbiyga xaykal qo‘yishimiz ham mumkin.

Ham sevgan ish bilan shug‘ullanib, ham oylik olib, ham o‘z xaykaliga ega bo‘lish — ajoyib!

Qahramon Aslanov

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz