Узбек O'zbek
Babayanning tugagan ertagi yoxud muxlislaru Odilning ko‘z yoshlari
Shanba, 09 Sentabr
8981

Umidlar so‘ndi. Ishonch esa chil-parchin bo‘ldi. «Otdan tushsa-da, egardan tushmagan», «Bu vaqt oralig‘ida vijdonan ishlaganligini» muxlislarga aytishga-da uyalmay-netmay jazm qilgan, o‘zini murabbiylarning «dahosi» hisoblagan Samvel Babayan butun O‘zbekistonni, millionlab futbol ishqibozlarini ana shunday holatga tashladi, ketdi. Ular endi dardini kimga aytsin?! Ularning dardini endi kim tinglaydi?..

Futbolimiz jonkuyarlari – O‘FF «karchalonlari» esa uning bosh murabbiyligi davridagi qolipga sig‘maydigan ishlariga ko‘z yumdilar, unga ishondilar, sharoitlar yaratib berdi va oxir-oqibat jabrini biz muxlislar tortmoqdamiz. «Babayan esa o‘z missiyasini omadli tugatdi – o‘zbek futboli inqirozga yuz tutdi». «Babayan o‘zbek futbolining go‘rkoviga aylandi». 

So‘nggi saralashdagi ketma-ket ochkolar yo‘qotilavergach, bunga murabbiy aybdor ekanligi, tarkibda ishonchni suiiste’mol qilishning ming bir yo‘lini a’lo darajada o‘zlashtirgan, ammo iqtidordan, vatanparvarlik deb atalmish muqaddas tuyg‘udan bebahra bo‘lgan Lobanovu Sergeyev kabilarga tarkibda joy yo‘qligi to‘g‘risida tinimsiz bong urgan jurnalistu muxlislarning fikrlari «bir chaqa»ga olinmadi. Ertakning yakuni esa barchamizga ayon. 

Eng alam qiladigani na o‘z klubida, na milliy terma jamoada va na legioner sifatida ham raqiblar darvozasining qay tomonda ekanligini bilmaydigan «erkatoy» hujumchi - Sergeyevga «daho» Babayan tomonidan ishonch bildiraverildi. U esa muxlislar ishonchini oqlash o‘rniga qulay vaziyatlarni ko‘kka sovurish bilan vaqt o‘tkazdi hamda o‘zining gol urmaydigan eng zo‘r hujumchi ekanligini isbotladi. Va yakunda mundial chiptasidan «quruq» qoldik. 

Endi termamizning o‘yinlarini qancha tahlil qilmaylik, yigitlarni (agarda ularning ayrimlarini yigitlar deb atay olsak, «yigit so‘zidan» degan gap bor) tanqid qilmaylik, barchasi befoyda. Aytilgan so‘zlarimiz havoga singib ketaveradi.

 

So‘nggi o‘yin. So‘nggi umid. So‘nib borayotgan ishonch. Na uyi, na kiyishga kiyimi-yu, yeyishga noni bo‘lgan, hatto shug‘ullanishga joy topa olmay, o‘zga yurtlarda mezbon sifatida mehmonlarni qabul qilib, «dodini berayotgan», ertangi kuniga ishonchi toboro so‘nib borayotgan Suriya atalmish davlatning o‘n bir nafar zabardast, vatanparvarlik ilmidan saboq berishni eplagan yigitlari barchasi sarob ekanligini bizga isbotlab berdi. Haqiqatga tik qarash lozimligini yana bir bor yodimizga soldi. 

Bugungi kun futboli bir amallab murabbiylarga beriladigan PRO – litsenziyasini qo‘lga kiritgan, maydon havosini, maydon taftini his qilmaydigan menejer hech qachon o‘ziga bildirilgan yuksak vazifa va ishonchni oqlay oladigan murabbiy bo‘la olmasligini ko‘rsatib berdi.

O‘yin tugagandan keyin, soat 23:00 larda futbolga umuman qiziqmaydigan tanishim «Qo‘y kuyinma, bu birinchisi ham, oxirgisi ham emas», dedi. Dastlab uning bu so‘zlarini «olovga moy sepish», deb tushungandim. Ammo uning bo‘g‘zidagi alamdan bildimki, bu kecha, hattoki futbolni boksdan ajrata olmaydigan ayrim yurtoshlarimiz ham o‘yinni katta hayajon bilan tomosha qilishganini bildim. Yigitlarimizga dalda bo‘lishdi. 

Ekran qarshisida bir necha million, stadionda esa bir necha minglab muxlislarni «qon yig‘latgan kecha»ni unutish mumkinmi?! Yo‘qotilgan asablarni tiklash mumkinmi?! Buning uchun kim javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi? Matbuot anjumanida jurnalistlarning savolariga ochiqdan-ochiq javob berishdan bosh tortgan, muxlislardan hech bo‘lmaganda bir marta bo‘lsa-da kamera qarshisida kechirim so‘rashni o‘ziga ep ko‘rmagan Babayan janobi oliylarimi?

Matbuotda aytilganidek, o‘tgan ikki yil ichida murabbiyning eng to‘g‘ri qarori bu oxirgi ikki o‘yinda darvozamizning ishonchli qo‘riqchisiga aylangan Nesterovning asosiy tarkibda tushirilganligi bo‘ldi. Bu esa barchamizda hayajon bilan so‘nggi soniyagacha to‘rt yillikning nufuzli musobaqasi – mundialga chiqish ishonchini saqlab turdi. 

Rahmat senga Ignatiy! Rahmat senga Vitaliy, rahmat senga Odil, Anzur, Eldor... Biz sizlardan minnatdormiz, yigitlar! Barchasi uchun tashakkur, rahmat sizlarga! 

Xayr Rossiya! 2022 yilda Qatarda uchrashguncha!

Abduvali BO‘RIEV  
 

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz