Узбек O'zbek
«Babayan ketmasin!». Yopig‘liq qozon yopiq qolaveradimi?
Payshanba, 07 Sentabr
11456

Rostda! Nega endi qilg‘ilikni qilib qo‘yib, osongina iste’foga chiqib ketarkan? Ertaroq ketsa tushunarli bo‘lardi – yangi murabbiy xatolarni to‘g‘irlab, kerakli natijaga erishishini kutardik. Endi hammasi kutganimizdanda rasvo bo‘ldi. Shunday ekan, Babayan shunchaki ketmasligi kerak edi. Har biri uchun javob bersin!

Shu kunga qadar terma jamoa uchun umuman qancha mablag‘ sarflandi, kimlarning maoshi qanaqa edi, qoniqarsiz o‘yinlardan keyin biz ko‘rmagan parda ortida qanday choralar muhokama qilingandi, federatsiya nega botqoqqa botaverganimizni ko‘ra-bila turib ham hatto barmog‘ini qimirlatmadi, umuman bizda futbol tizgini kimning qo‘lida, muxlislarning birorta fikri inobatga olinmaydigan bo‘lsa – bunday futbolning bizga nima keragi bor, qachon hech bo‘lmasa terma jamoamizda shaffof tizim yo‘lga qo‘yiladi? 

Shular kabi savollarga janob Babayan va shu kunga qadar kursisini bo‘shatmay kelgan futbol korchalonlari javob bermagunlaricha, birortasi iste’foga ketmasligi kerak! Hozir endi bizga yangi murabbiyning ham, jamoaning ham keragi yo‘q. Ha, aynan shunday, yo‘q keragi!

Hozir, aytaylik Shkvirin kelib yangitdan jamoa tuza boshlaydi, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuv o‘tkazib (balki yopiq stadionlarda), maza qilib yutamizmi? Yana o‘zimizni yolg‘on g‘alabalar bilan aldaymizmi?

Yo‘q, vaziyatga jiddiy qaraylik. Yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolaveradimi? Keyingi keladigan murabbiy ham bilsin, agar xatolarini vaqtida tuzatishni yo‘lga qo‘ymasa – oxirida har biri uchun javob beradi!

Shunday ekan, hamma savollarimizga javob topilmaguncha Babayan ham, federatsiya rahbariyati ham o‘z o‘rnidan qimirlamasin.

Yetar shuncha xo‘rliklar!

Abror Zohidov.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz