Узбек O'zbek
Chorrahada avariya
Juma, 01 Sentabr
10707

Terma jamoamiz safida Avstriyaga boradigan "Paxtakor" futbolchilariga turli ko‘rinishlarda bu jamoaga begona bo‘lmagan Sergeyev, Lobanov, Krimets-u Merzlyakovlarni qo‘shsak, "Paxtakor" ataylab yoki ataylab emas, terma jamoamizning bazaviy klubiga aylanib qoladi. Bunday holatning yuzaga kelishi futbolda ko‘p kuzatiladi, ko‘pincha tabiiy hol bo‘ladi va bir nechta sabablar mavjud.

Misol uchun, bir mamlakatda yagona kuchli jamoa bo‘ladi. Ichki chempionat ham shu jamoaning yaqqol yetakchiligida o‘tadi, bu jamoaning raqiblariga qarshi o‘yinlarida ustunligini bemalol ilg‘ash mumkin. O‘sha jamoaning tarkibi har jihatdan boshqalarga qaraganda bir bosh baland saviyada bo‘ladi. Bunday holatlarda, o‘z o‘zidan mamlakat terma jamoasi aynan o‘sha klubning futbolchilaridan tashkil topadi. Misol qilib o‘n besh yil oldin tashkil qilingan "Paxtakor"ni keltirishimiz mumkin. "Paxtakor" o‘shanda O‘zbekistonning barcha kuchli futbolchilarini o‘zida jam qilib olgan, oliy ligamizning yagona peshqadamiga aylangan, katta ustunlik bilan barcha sovrinlarni o‘ziniki qilib olgan, Osiyo maydonlarida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan va terma jamoamizning bazaviy klubiga aylangan edi. Yoki teskarisi bo‘lib, avval bazaviy klubga aylantirilib, keyin sovrinlar yutib olinganmidi, esimda yo‘q, muhim emas.

Ikkinchi variant - bizda kuzatilmaydigan boshqa bir holat ham bo‘lishi mumkin. Terma jamoaning bazaviy klubi o‘sha mamlakatning eng peshqadam klubi bo‘lishi shart emas. Shunchaki, ichki seleksiya va akademiyaga e’tibor bergan biror klub bir davrda haddan tashqari ko‘p terma jamoaga nomzod futbolchilar yetishtirib beradi. Bunday hollarda, odatda o‘sha mamlakatning boshqa peshqadam klublarida asosiy planda legionerlar bo‘ladi. Uzoq vaqt "Yuventus" Italiyaning bazaviy jamoasi sanalgan, hatto jamoa chempionlik bahsida "Inter" yoki "Milan"ga boy berib yurgan davrlarda ham. Chunki, Milan klublari tashqi bozorga ko‘proq e’tibor qaratishgan va tarkib legionerlarga to‘lib ketgan edi.

Yaxshilab e’tibor qaratadigan bo‘lsak, terma jamoamizdagi bugungi holat har ikki qolipga ham mos tushmayapti. "Paxtakor", ayniqsa hozir, mamlakatimizning yaqqol peshqadam klubi emas, o‘yin bobida boshqalardan ajralib turmaydi, bu yildan boshlab natijalarga ham putur yetdi. Agar terma jamoamizning asosiy maqsadi xalqaro maydondagi natijalar ekanini eslasak, "Paxtakor"ning Osiyodagi natijalari ham havas qilgudek emas. "Paxtakor" bugungi kunda ichki chempionatda "Lokomotiv"dan ham, "Bunyodkor"dan ham ortda qolmoqda va shu bilan birga, ushbu jamoalarning tarkibi legionerlar bilan to‘lib ketmagan.

Savol tug‘iladi, nega asosiy tarkibni qo‘ying, hatto "Paxtakor"ning zaxira o‘rindig‘ida ko‘proq vaqtini o‘tkazadigan nomlarda ham terma jamoada o‘zini sinab ko‘rish uchun ko‘proq imkoniyat mavjud?Ushbu yig‘inlarning aslida unchalik katta ahamiyat kasb etmasligi, aslida terma jamoamizning asosini tashkil qilgan futbolchilar, xususan legionerlar, muhim o‘yinlarda maydonga tushishi, ya’ni, mana shu bugun yig‘in o‘tkazayotgan futbolchilar baribir asosiy o‘yinlarda asosiy tarkibda maydonga tushmasligini aytib, izohlash mumkin. Unday bo‘lsa, bitta savolimiz ikkitaga aylanadi.

Aytaylik, Babayanning Iskandarov, Sherzod Karimov, Boltaboyev, Azim Ahmedov kabi futbolchilarning terma jamoa yig‘inlariga jalb qilishdan maqsadi nima? Agar terma jamoa murabbiyi sifatida, tarkibga yaqin kelayotgan nomzodlarni ko‘zdan kechirish va tanish deydigan bo‘lsak, aynan shu nomlar Babayan uchun yaqinroq tanishku. Xuddi shu bahona bilan aytaylik, oliy ligadagi boshqa klublarda to‘p surayotgan nomzodlarni ko‘zdan kechirish mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi, nazarimda.

Terma jamoa yig‘inlaridan yana bir maqsad, yangi nomzodlarni jamoa muhitiga ko‘niktirish va eski a’zolar bilan bog‘lamlarni yaratish, yangi o‘yin uslublarini ishlab chiqish bo‘ladi. Bizning holatimiz bunga ham mos emas  - yig‘inga jalb qilingan tarkib, yuqorida aytganimdek, umuman terma jamoamiz emas, baribir asosiy o‘yinlarda tarkibning yarmidan ko‘pi o‘zgarib ketadi, legionerlar aralashadi.

Xo‘sh, savolni qaytaraman, bu yig‘indan maqsad nima?

Bilasizmi, odatda terma jamoaga kim jalb qilinishi va kim jalb qilinmasligini muhokama qilish men uchun doim g‘alati tuyulgan. O‘ylardim, bosh murabbiy yakuniy natijaga javobgar, yig‘inlar bosh murabbiy uchun mana shu bo‘lajak natijani yaxshilashga qaratilgan bir imkoniyat. Shunday bo‘lsa, murabbiy o‘ziga dushmanmidiki, aslida loyiq bo‘lmagan futbolchilarni chaqirib, loyiqlaridan voz kechsa. Har ne qilganda ham, bosh murabbiy futbol sohasiga ham, terma jamoa nomzodlariga ham bizdan ko‘ra yaqinroq, bizdan ko‘ra yaxshi bilsa, natijaga javobgar bo‘lsa, nega endi biz istagan futbolchilarni jalb qilishga majbur emas. To‘g‘ri.

Shuning uchun men shunchaki savol beryapman, xolos.

Keyin, terma jamoa murabbiyining yakuni natijaga javobgarlik holati meni biroz o‘ylantiradi. Poyezd ketidan yugurib, bir soatga kech qolib, o‘ziga o‘zi "yaxshiyam yugurganim, bo‘lmasa, ikki soatga kechga qolgan bo‘lardim" deydigan latifa qahramoni esingizdami? Mana shu jihat tashvishli. Terma jamoamiz poyezd ketidan yuguradimi yoki yuradimi, oqibatda baribir kechga qoladigan bo‘lsa, yugurishni istamayapmizmikin? Mukammal tayyorgarlik qilishga baribir aqlimiz yetmagani uchun, shunchaki tayyorlanib qo‘ya qolyapmizmikin? Belgilagan yo‘limiz biz o‘ylayotgan maqsad uchun kifoya emasligini bilganimiz uchun qo‘shimcha maqsadlarni ustun qo‘yapmizmikin?

Nima farqi bor, biz baribir hech qachon jahon chempionatiga chiqmaganmiz. Baribir Koreya yoki Eronning futboli biznikidan kuchli. Xitoy katta davlat. Qatarning puli ko‘p. Mabodo maqsadga erisha olmaydigan bo‘lsak, bizda bolalar futbolining oqsayotgani-yu, milliy chempionatimiz ayanchli holatda ekanini aytib, hammani ovutishimiz mumkin. Avval mana shu global muammolar hal bo‘lishi kerakligi, ana o‘shanda mundialga tayyor holda borib, u yerda ham hammani qiyratishimiz zarurligini, bo‘lmasa sharmanda bo‘lishimiz mumkinligini aytib, hammani ishontirishimiz mumkin. Bosh murabbiy yoki terma jamoalar markazi bechoralarda u qadar katta ayb yo‘qligini mashhur bo‘lib ketgan oshpaz va masalliq haqidagi masal bilan tushuntirib berishimiz ham mumkindir. Biz qilmasak, topilar, boshqa jurnalistlar, muammo yo‘q.

Muammo boshqa yerda. Tasavvur qiling, katta, serqatnov chorraha. Nimayam bo‘lgan-u, bu yerga svetofor o‘rnatish esdan chiqib ketgan yoki hali navbat tekkani yo‘q. O‘sha svetoforda deyarli har kuni avariya bo‘ladi. Qaysidir mashina pachoq bo‘ladi, yo‘lovchi jabr ko‘radi. Savol shuki, shu chorrahaga tartib kerakmi yoki yo‘qmi? Yo‘l harakat nazorati xodimlari har avariya bo‘lganida kelib, "bu yerda svetafor yo‘q-da, tushunarli" deb, voqeani o‘rganmay iziga qaytib ketaversa nima bo‘ladi? Svetofor bahona, mashinasini ichib haydagan ham, tezlikni oshirgan ham javobsiz qolaveradimi?        

Shu haqida o‘ylab ko‘ring.   

Qahramon ASLANOV

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz