Узбек O'zbek
Eldor Shomurodov «Bunyodkor» va «Mash’al»ga minnatdorchilik bildirdi
Dushanba, 17 Iyul
3099

Rossiyaning «Rostov» jamoasi safiga borib qo‘shilgan Eldor Shomurodov Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Assalomu alaykum qadrli do‘stlar, aziz ustoz va murabbiylar, sevimli muxlislarim! Keyingi taqdirimni Rossiya Premer-ligasining «Rostov» klubi bilan bog‘ladim. Bundan baxtiyorman. Chunki o‘zimni Premer-ligada sinab ko‘rishni juda-juda istagandim.

«Mash’al»dan «Bunyodkor»ga yo‘l olib adashmadim, aksincha, katta o‘sishga erishdim. Umuman, futbolning ilk saboqlarini o‘rganishimda xizmatlarini ayamagan va men uchun tramplin bo‘lgan «Mash’al» klubi rahbarlari, murabbiylari va barcha ishchi xodimlariga katta rahmat deyman. Endi Toshkent klubidan «Rostov»ga o‘tdim. O‘ylaymanki, bu qarorim ham har tomonlama foydali bo‘ladi.

Rossiya Premer-ligasiga yo‘l olishimda o‘z yordamlarini ayamagan barcha insonlarga rahmat deyman. Alohida tashakkurlarimni «Bunyodkor» FK bosh direktori Murod Aliyevga, bosh murabbiy Mirjalol Qosimovga bildirmoqchiman. Chunki bu insonlar meni to‘g‘ri tushunib, kuchli chempionatda to‘p tepish istagimni ma’qullashdi va qarorimni qo‘llab-quvvatlashdi. Kuchli chempionatdan taklif kelsa, klub rahbariyati futbolchining xohish va istaklarini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Menga oq fotiha tilab, Rossiya klubiga o‘tishimda ko‘mak berganlari uchun ularga yana bir-bor minnatdorchilik bildiraman.

Qadrli do‘stlarim, sizlar bilan ajoyib davrlarni birga o‘tkazdik. Yorqin g‘alabalar, alamli mag‘lubiyatlarda birga bo‘ldik. Bunday onlar hayotim zarvaraqlarida unutilmas bo‘lib qoladi. Hammasi uchun rahmat.

Aziz muxlislar, sizlarning ko‘magingiz va daldangiz hozirgi paytda men uchun har qachongidan ham muhim. Chunki hayotimda yangi sahifa ochilayotgan palla. Duolaringiz, daldangiz meni yanada kuchliroq qiladi. «Rostov»dagi raqobatda ijobiy xislatlarimni namoyish etib, yurtimiz sha’nini ruslar diyorida munosib himoya qilishga harakat qilaman.

Hozircha Rossiya maydonlarida «Rostov» libosida o‘ynayman. Ishonamanki, 2018 yilda ruslar zaminida O‘zbekiston milliy terma jamoasi libosida ham albatta to‘p tepish nasib qiladi», deya yozgan Eldor Shomurodov.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz