Узбек O'zbek
Omad senga yor bo‘lsin, Eldor!
Yakshanba, 16 Iyul
8750

So‘nggi yillarda o‘zbek futbolida «Eshitdik-da!» rukni ostida tarqaladigan ma’lumotlar ko‘payib bormoqda. Asosan hajviy jurnallarga mos keladigan bunday xabarlarning aksariyati noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa-da, ayrim hollarda haqiqatga mos keladiganlari ham topiladi. O‘ntadan bittasi. Balki yigirmadan biridir?! Mayli, bu unchalik ahamiyatli emas. Muhimi - o‘tgan hafta shunga o‘xshash xabarlardan biri o‘z tasdig‘ini topdi: «Bunyodkor» hujumchisi Eldor Shomurodov faoliyatini, darhaqiqat, Rossiya chempionatida davom ettirishga yaqin turibdi. Unga «Krasnodar» va «Rostov» xaridor bo‘lgan. U yog‘ini so‘rasangiz, bu ma’lumot manbasi ham rus saytlaridan - Soccer.ru. Kim biladi, deysiz, balki shuning uchun rost chiqqandir?!

Soccer.ru xabarni chiqargach, rossiyalik hamkasblarimiz hali o‘zlari o‘qib ulgurmay, mamlakatimizdagi saytlarda ham birin-ketin ushbu ma’lumot tarqaldi. «Krasnodar»dagi manbaga asoslanib berilgan ma’lumotda Eldor Shomurodov ancha maqtalgan. Uni hatto o‘zbek futbolining asosiy umidi sifatida ko‘rsatishgan. Aftidan, o‘sha «Krasnodar»da ishlaydigan xodim o‘zbekistonlik futbolchilarning barchasini tanimaydigan ko‘rinadi. Aks holda, Shomurodovdan kam bo‘lmagan boshqa iqtidorlarni ham tanigan bo‘larmidi?!

Shomurodovning Rossiya chempionatiga ketishi esa bir narsani ko‘proq isbotlab bersa kerak. Bu transfer zamonaviy futbolda yosh iqtidorning ochilishida nafaqat bevosita sport, balki agentlik xizmatining ham o‘rni katta ekanini yana bir karra ko‘rsatib beradi. Yo‘qsa, yurtimizda Shomurodov singari iqtidorga ega futbolchilar kam deysizmi? Yetarli! Birgina «Bunyodkor»da bunday o‘yinchilar yana ko‘plab topiladi - Doston Hamdamov, Otabek Shukurov, Akrom Komilov. Ammo qobiliyat bo‘lgani bilan, uni ochib beradiganlar topilmasa, hammasi behuda ketishini avval ham ko‘p ko‘rganmiz.

Endi bu yog‘i Eldorning o‘ziga bog‘liq. Xorij chempionatiga bording, degani, shu bilan barchasi zo‘r bo‘lib ketishini anglatmasligini uning o‘zi ham tushunib turibdi, deb umid qilamiz. Shu vaqtga qadar juda ko‘p futbolchimiz xorijda baxtini sinab ko‘rgan, ammo ularning hammasi ham o‘z o‘rnini topib ketmagan. Ayniqsa, Rossiya chempionatida. Bu o‘rinda gap nafaqat u yerda raqobat katta ekani, balki rus futbolchilarining o‘ziga xos tabiatida ham bo‘lsa kerak. Keling, shu o‘rinda Ja’far Irismetovning faoliyatini misol qilib keltirsak.

Irismetov o‘z vaqtida Moskvaning «Spartak» klubi nazariga tushgan edi. U dastlab Rossiya chempionatidagi faoliyatini yomon boshlamadi, har holda o‘zining chaqqonligi va gol sezish qobiliyati bilan ko‘pchilikning nazariga tushdi. Ammo baribir, «Spartak»da bir yil ham o‘ynay olmadi. Nima uchun? Bu yog‘ini endi uning o‘zidan eshitgan ma’qul.

- «Spartak»da qancha o‘ynagan bo‘lsam ham nima uchun meni chaqirishganini tushunmaganman, - deydi Ja’far Irismetov. - Jamoadagi ichki muhit havas qilarli darajada emasdi. Futbolchilar turli guruhlarga bo‘linib olishgan, avvaldan o‘ynab kelayotgan tajribali o‘yinchilar yangi kelganlarni nazarga ilishmasdi. O‘zaro yordam haqida-ku umuman gap bo‘lishi ham mumkinmas.

Bosh murabbiy Oleg Romansev bilan esa ko‘p gaplashmaganman, faqatgina jamoadan ketish arafasida bir amallab unga murojaat etdim. Ammo u gaplashishni ham istamay, shunchaki, yordamchisi Shikunovning yoniga jo‘natdi.

Nima uchun meni Rossiya chempionatida ro‘yxatdan o‘tkazishgani tushunarsiz edi. Baribir, maydonga yetarlicha tushirishmagan bo‘lsa... Mabodo faqat Chempionlar Ligasi uchun sotib olishgan taqdirda, keyinchalik do‘stona ruhda xayrlashishsa bo‘lardi-ku. Boz ustiga, o‘sha pallada «Kyoln»dan qiziqish bor edi. Ular «Bavariya»ga qarshi kechgan o‘yindan so‘ng menga qiziqib qolishgandi. Ammo «Spartak» rahbariyati bu haqda menga hech narsa aytmadi, keyin esa kech bo‘lgandi. O‘zbekiston terma jamoasi bilan Germaniyaga borganimda nima uchun «Kyoln»ning taklifini qabul qilmaganimni so‘rashgan. Men esa bu xususida hech narsa eshitmaganimni aytganman. Demak, faoliyatimni Moskva jamoasida davom ettirish peshonamga yozilmagan ekan. Xullas, «Spartak»dan mana shunday xotiralar qoldi...

Mana endi o‘zbekistonlik yana bir hujumchi faoliyatini Rossiya chempionatida davom ettirishga yaqin turibdi. Istardikki, Eldor Shomurodovning faoliyati Irismetovnikidan omadliroq kelsin. Biz shu vaqtga qadar Yevropadagi kuchli birinchilikda o‘zbek futbolchisi bo‘lishini orzu qilib kelganmiz. Salkam yigirma yil muqaddam Ilyos Zeytullayev mana shunday umid uyg‘otgandi. Ammo uning kuchi va iqtidori faqat «Yuventus» zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishga yetdi, xolos. «Keksa sinora» libosida «A» seriyada birorta o‘yinda ishtirok etmadi, kubokda esa zaxiradan maydonga tushib, bir necha daqiqa to‘p surdi. Keyin esa avval «A» seriya, keyin «V» seriya va shu tariqa alifbo ketma-ketligida nomlanuvchi quyi divizion jamoalarida o‘zini sinab ko‘rdi.

«Yaxshi niyat - yarim davlat», deb bejiz aytishmagan. Mana, o‘z oldiga ezgu maqsadlarni qo‘ygan yana bir o‘zbek o‘g‘loni o‘z kuchini xorijda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Aminmizki, Eldor Shomurodov mamlakatimizdagi barcha muxlisu mutaxassislar ishonchini oqlab, Yevropa top-chempionati elitasida to‘p surgan dastlabki o‘zbekistonlik futbolchiga aylanadi. Asosiysi, uning ortida hamisha ezgu tilaklar yo‘llab, muntazam duoda bo‘ladigan xalq turibdi. Shunday ekan, yaxshilikka umid bog‘lab, Shomurodovni ruslar o‘lkasiga munosib tarzda kuzatib qo‘yamiz. Omad senga yor bo‘lsin, Eldor!

Umar BEK, interfutbol.uz

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz